16:05 / 03.03.2021
11393

SSV: O‘zbekistonda koronavirus statistikasida raqamlar yashirilmagan

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq statistika raqamlari shubha ostiga olingan ma'lumotlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda dunyodagi bir qator davlatlarda koronavirus bilan bog‘liq statistika raqamlari shubha ostiga olinayotgani haqidagi turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Unda jahondagi ayrim mamlakatlarda, jumladan, yurtimizda ham Covid-19’dan vafot etganlar soni rasmiy ma'lumotga nisbatan ko‘p ekanligi xususida aytilgan.

Mamlakatimizda koronavirus bilan kasallanish holati ilk bor kuzatilishidan (2020 yilning 15 martidan) qariyb ikki oy avval davlat rahbarining alohida farmoyishi bilan Respublika maxsus komissiyasi tuzildi.

Kasallik tarqalishining oldini olish uchun har qanday holatga shay turish maqsadida butun mamlakat bo‘ylab «tibbiy safarbarlik» boshlandi. Keyingi qadamlar kasallik profilaktikasi, uning mamlakat bo‘ylab tarqalishini cheklash, bemorlarni alohidalangan rejimda davolash bo‘yicha bo‘ldi.

Sohaning eng tajribali olim va shifokorlari ishtirokida koronavirusni davolash bo‘yicha ishlab chiqilgan protokollar, qisqa muddatlarda barpo etilgan tibbiyot muassasalari, kasallikda gumonlanganlarni vaqtinchalik saqlash uchun karantin zonalari samarali faoliyat yuritgani hamda tibbiyot xodimlarining fidoyiligi natijasida ushbu og‘ir davrni katta yo‘qotishlarsiz o‘tkazmoqdamiz.

Pandemiyaning ilk kunlaridan boshlangan oqilona siyosat natijasida butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Qisqa muddatda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etildi. Jumladan, Toshkent viloyati Zangiota tumanida yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan 4 ming bemorga mo‘ljallangan zamonaviy tibbiyot komplekslar qurib bitkazildi, barcha hududlarda Saralash va taqsimlash markazlari tashkil etildi. Ular koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmon va eng zamonaviy diagnostika vositalari bilan ta'minlandi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shuningdek, respublikada 2020 yil avgust oyidan boshlab «Remdesivir» preparatini ishlab chiqarish boshlanib, o‘pkasi 20 foiz zararlangan bemorlarga uni tekinga qilishni yo‘lga qo‘yilgani, 2020 yilning oktyabr-dekabr oylarida 1,2 million nafar ijtimoiy soha xodimlari, ya'ni tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari grippga qarshi davlat mablag‘lari hisobidan emlangani qayd etib o‘tilgan.

Bundan tashqari, birlamchi tizim tibbiyot muassasalari orqali koronavirus infeksiyasiga qarshi 2 milliondan ortiq dorilar jamlanmasi bo‘lgan «Kovidboks»lar aholiga bepul tarqatildi. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun respublikaning 200 ming nafardan ziyod tibbiyot xodimlari, shu bilan birga, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya kabi mamlakatlarning 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislari jalb etildi.

Dunyo bo‘ylab virus tarqalishi oqibatida mamlakatlararo chegaralar yopiq bo‘lishiga qaramasdan, 2020 yilning o‘zida xorijdan 600 ming nafardan ortiq vatandoshlarimiz yurtimizga olib kelindi.

«Shu kabi qilingan tizimli chora-tadbirlar natijasida kasallik tarqalishining oldini olishga erishildi va davolanishga muhtoj bo‘lgan har bir O‘zbekiston fuqarosiga tuzalish imkoniyati yaratildi. Shunga qaramay, koronavirus pandemiyasi oldini olishga qaratilgan tizimli ishdan bexabar bo‘lgan ayrim xorijiy jurnalistlar tomonidan mamlakatimizdagi rasmiy statistikaga shubha ostida qaralishi kishini taajjubga soladi.

Eng avvalo, koronavirus bilan bog‘liq statistikaga faqat maxsus laborator tibbiy tekshiruvlar orqali kasalligi tasdiqlangan bemorlar kiritiladi. Kasallikning ayrim simptomlari mavjud bo‘lib, lekin infeksiya tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniyaga chalingan yoki unga gumon qilingan bemorlar umumiy rasmiy statistikada hisobga olinmaydi.

Hozirda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlansa, ular darhol rasmiy statistikada qayd etilib, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yo‘naltirilmoqda. Bugungi kunda respublika bo‘yicha koronavirus infeksiyasi aniqlanayotganlar o‘rtacha 30 nafardan oshmayapti», deyiladi raddiyada.

Vazirlik vafot etganlarni rasmiy statistikada qayd etish bo‘yicha yetakchi mutaxassis, Respublika patologik anatomiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Rajabboy Isroilovning fikrlarini keltirgan.

«O‘lim holatlarini qayd etishning ham o‘z qonun-qoidalari bor. Biror fuqaroni koronavirusdan vafot etdi, deb qayd etish aniq tasdiqlovchi bir qancha tekshiruvlarga asoslanadi. Birinchidan, tibbiyotda o‘limni qayd etishning umumjahon qabul qilingan qoidalari bor. Bunda, klinik simptomlar, tahlil natijalari, ya'ni Polimer zanjirli reaksiya tahlili tasdiqlangandan so‘ng bemor kasallik natijasida vafot etsa, undan keyingi patologoanatomik tekshiruvda ham ushbu tashxis o‘z tasdig‘ini topishi kerak.

Aksariyat hollarda esa, patomorfologik tekshiruv natijasida bemor koronavirusdan o‘lmaganini aniqlash mumkin. Bunday holatlarda sodir bo‘lgan o‘lim koronavirus infeksiyasidan vafot etganlarning rasmiy statistikasiga kiritilmaydi.

Shuningdek, aytib o‘tishimiz joizki, 2020 yilda xorijiy yurtlardan mehnat muhojirligida yurib, vafot etgan vatandoshlarimizning 1629ta jasadi olib kelindi. Bu ko‘rsatkich ham O‘zbekistonning 2020 yildagi o‘limlar statistikasiga kiradi, lekin Covid-19 statistikasiga kirmaydi.

Ikkinchidan, koronavirus bemorni bevosita o‘limiga sabab bo‘lmay, balki bemor surunkali boshqa yondosh kasalliklari oqibatida nobud bo‘lishi ham mumkin. Bu borada ham yakuniy hujjat patologoanatom xulosasiga asosan beriladi», deydi mutaxassis.

Vazirlik matbuot xizmati qayd etishicha, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tufayli vafot etganlar soni 622tani tashkil qilib, mazkur o‘lim holatlari maxsus laboratoriya hamda patologoanatomik tekshiruvida ham tasdig‘ini topgandan so‘ng qayd etilgan.

«Xulosa qilganda, vazirlikka bemorlar sonini hamda ushbu infeksiyadan vafot etganlar ko‘rsatkichini yashirishidan hech qanday naf yo‘q. Mamlakatimizda har bir bemor soniga ko‘ra yetarli darajada resurs ajratilgan. Shunday ekan, bunday murakkab vaziyatda o‘zaro ishonch asosida ishlash muhim hisoblanadi.

Dunyoda bu borada to‘plangan tajriba kuchli va samarali boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan davlatlar pandemiya xavfini o‘z vaqtida va bir yoqadan bosh chiqarib, bartaraf etishga va bu kurashda yengib chiqishga qodir ekanligini ko‘rsatmoqda. Buni O‘zbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi», deya yakunlanadi SSV raddiyasi.

  • SSV rasmiy statistikasiga ko‘ra, 3 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni rasman 80 mingdan oshdi. O‘zbekistonda koronavirusdan kasallanganlar soni 70 mingdan oshishi 2020 yilning 14 noyabrida qayd etilgandi.
  • Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, 3 mart holatiga ko‘ra shu vaqtgacha tasdiqlangan bemorlarning 78 549 nafari (98 foizi) sog‘aygan, ayni paytda tibbiyot muassasalarida 835 nafar bemor davolanmoqda, ulardan 146 nafari og‘ir, 27 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top