10:29 / 03.03.2021
4414
“Tuzalib ketishi uchun qo‘limda ko‘tarib yurishga tayyorman” – farzandi saraton bo‘lgan ota umidi 

14 yoshli Oybek 1 yil oldin o‘rtoqlari qatorida chopqillab, kompyuter kurslariga qatnab, ukalarimiz, farzandlarimiz qatori yurgandi. O‘tgan yilning may oylarida Oybekning boshida to‘satdan kuchli og‘riqlar boshlandi. Tinimsiz og‘riqlarga hech qanday dori ta'sir qilmadi, shifokorlar qator tekshiruvlardan keyin juda murakkab tashxis qo‘yishdi.  

O‘g‘lida jiddiy kasallik bo‘lmasligiga umid qilgan ota-ona Oybekni MRT tekshiruviga olib boradi va bola miyasida o‘simta borligi, u saraton bo‘lgani ma'lum bo‘ladi. Bolani may oyining oxirlarida Respublika Neyrojarrohlik markazida operatsiya qilishadi. Ammo operatsiyadan keyin Oybekning ko‘zi zaif ko‘radigan, bir qo‘li esa falaj bo‘lib qoladi. Hozir u birovning yordamisiz yura olmaydi.  

Shifokorlar Oybekning tuzalib ketishi, oldingi hayotiga qaytishi uchun miyadagi o‘simta so‘rilib ketishi kerakligini aytgan. Biroq hozirgacha o‘simtani to‘xtatish uchun O‘zbekistonda qilingan kimyoterapiyalar Oybekka aytarli foyda bermayapti. Bu muolajalardan keyin u 1 haftagacha ko‘rolmaydigan bo‘lib qolyapti. Shifokorlarning aytishicha, o‘simta o‘sishini to‘xtatib qo‘yish mumkin.  

Bu muolajani Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi onkologiya mutaxassislarida bajarish imkoniyati bor. O‘simta o‘sishdan to‘xtashi uchun Oybek Rossiyada 2 oylik muolaja olishi kerak. Davolanish narxlari taxminan 2,5 million rublga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Rossiyaga borish va u yerda yashash xarajatlari ham bor.  

“Bosh miya operatsiya qilingandan keyin, kishi qanday yoshda bo‘lishidan qat'i nazar, chaqaloqqa aylanib qolarkan. Operatsiyadan keyin bolamni o‘zim qo‘limda ko‘tarib yurdim. Oyog‘i yerni his qilishi uchun xuddi chaqaloqni tarbiyalagandek, qaradim. Tuzalib ketishi uchun farzandimni umrimning oxirigacha qo‘limda ko‘tarib yurishga tayyorman”, – deydi o‘g‘li sog‘ayishini istab Oybekning dadasi Farrux.

Oybek dasturchi bo‘lishni, ota-onasi bilan ko‘p suhbat qilishni, o‘rtoqlarining safiga tezroq qo‘shilishni istaydi. Alloh xohishi va sizning yordamingiz bilan Oybek orzulariga erishsa, Alloh sizlardan rozi bo‘lsin. 

Oybek Rahmonberdiyevga oid ma'lumotlar:

UzCard: 8600330422243889 (otasi Farrux Maqsudov nomida)

UzCard: 8600041744888448 (otasi Farrux Maqsudov nomida)

Vizakard: 4187800030468201 (otasi Farrux Maqsudov nomida)

Telefon raqami: +998 97 7287887 

Zuhra Abduhalimova, tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top