20:21 / 03.03.2021
12477

«Uyning bo‘lajak egasi sifatni nazorat qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak» – Qurilish sifatini oshirish mas'uliyati Ramatovga yuklandi

Davlat rahbari qurilish sifati masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Har bir loyiha ipoteka veb-portaliga joylashtirilishi va barcha uchun ochiq e'lon qilinishi, uylarning bo‘lajak egasi sifatni nazorat qilish imkoniga ega bo‘lishi kerakligi ta'kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda uylar qurilishiga salohiyatli mutaxassislar, zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega, moliyaviy barqaror pudrat tashkilotlarini reyting tizimi asosida jalb qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekistonda yangi tartib asosida quriladigan uylar bo‘yicha texnik nazoratni amalga oshirish hududlardagi «Yagona buyurtmachi» xizmatiga yuklatilishi ma'lum qilindi.

«Qurilish sifatini oshirish mas'uliyatini Ramatov va viloyat hokimlari o‘z zimmasiga olishi shart va zarur.

Bunda, uyning bo‘lajak egasi yer ajratishdan boshlab, topshirilishiga bo‘lgan barcha jarayonlarda ishtirok etishini ta'minlaydigan tizim yaratish zarur.

Uy egasi har kuni kelib qurilish ishlarini ko‘rsin, quruvchiga xatolarini ko‘rsatsin, sifatni o‘zi ham nazorat qilsin.

Har bir loyiha ipoteka veb-portaliga joylashtirilishi va barcha uchun ochiq e'lon qilinishi, aholi fikrini bildirishi uchun imkoniyat bo‘lishi kerak.

Ikki oy muddatda bo‘lajak uy egalariga loyiha planirovkasi, ishlatiladigan qurilish materiallari, narx-navo shakllanishi kabi masalalarni tushuntirib beradigan tizim yaratish zarur.

Uylar qurilishiga salohiyatli mutaxassislar, yetarli moddiy-texnik bazaga ega, moliyaviy barqaror pudrat tashkilotlarini reyting tizimi asosida jalb qilish kerak», dedi davlat rahbari.

Tadbirda so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov yuklatilgan vazifalar bo‘yicha o‘z rejalarini bildirdi.

«Bu farmonda ko‘zlangan qurilishlar jarayonida qo‘shimcha 300 ming ishchi o‘rinlari yaratiladi. Mart oyi yakuniga qadar yerlarni ajratib olishni yakunlashimiz kerak.

Tsement ishlab chiqarish bu yil 16-17 mln tonnaga yetkaziladi. Ammo qurilishlar hajmi ham ikki barobar ortadi va bizda 40 mln tonnaga yaqin sement zarurati bo‘ladi. Shuningdek, temir narxi ham oshib bormoqda, Rossiyada ham 50 foizga oshdi, bizda 60 foizgacha ko‘tarildi. Birjada tonnasi 8,5 mln so‘mga chiqdi, 10 mln so‘mgacha yetishi kutilmoqda. Shu bois mana shu ikki mahsulotni to‘g‘ridan to‘g‘ri olishni yo‘lga qo‘ysak», degan Ramatov.

Prezident bu masala bo‘yicha shaffof tizim yaratishga ko‘rsatma bergan.

«Bosh vazir bilan birga bu masalani yaxshilab o‘rganib chiqinglar, shaffof tizim yaratilsin. Qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ham o‘ylab ko‘ringlar. Muhimi, narx oshib ketmasin, uylar bahosi odamlar uchun og‘irlik qilmasin. Quruvchi qurib ketaveradi, lekin ertaga ekspluatatsiya qilish sizning zimmangizga tushadi. Uyni faqat qurish emas, unga boshqaruv kompaniyalari orqali xizmat ko‘rsatishni ham sifatli yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Kerak bo‘lsa bu bo‘yicha ham alohida qaror qabul qilamiz», deya topshiriq berdi davlat rahbari.

Top