19:52 / 03.03.2021
2774
Yangiyo‘lda o‘zganing 8 sotix yerini 12 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Tezkor tadbir davomida o‘zganing yeriga qalbaki hujjat tayyorlab bergan Yangiyo‘l tumani kadastr bo‘limi sobiq xodimi ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, fuqaro A.U. boshqa bir shaxsga Yangiyo‘l tumanida joylashgan aslida o‘ziniki bo‘lmagan 8 sotix yerni o‘ziga tegishli ekanligini aytib, 12 ming dollarga sotmoqchi bo‘ladi. Yerning hujjatlarini kadastr bo‘limida ishlaydigan tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga va'da qiladi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.U. 12 ming dollarni olgan vaqtida ushlanadi. Uning ko‘rsatmasi asosida tezkor tadbir davom ettirilib, Yangiyo‘l tumani kadastr bo‘limi sobiq xodimi A.A. «Yer tomorqasini biriktirish to‘g‘risida»gi qalbaki hujjatni A.U.ga berib, evaziga 2300 dollar olgan vaqtda qo‘lga olinadi. Surishtiruv davomida sobiq xodim sud hukmi bilan firibgarlik jinoyati uchun aybli deb topilib, ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgani ma'lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28-moddasi (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Andijonda o‘ziga tegishli bo‘lmagan 1 gektar yerni 45 ming dollarga, Parkentda besh gektar yerni 1 mln dollarga, Bo‘stonliqda 5 gektar yerni 300 ming dollarga, Bulung‘urda 20 gektar yerni 300 million so‘mga, Sirdaryoda 2,5 gektar yerni 66 mln so‘mga, Sergelida ijaraga olgan 11 sotix yerini 37,5 ming dollarga, To‘raqo‘rg‘onda 80 sotix yerni 29 ming dollarga, Yangiyo‘lda 8 sotix yerni 10 ming dollarga, Bog‘dodda 8 gektar yerni 8 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingan edi.

Top