15:48 / 04.03.2021
1668
2020 yilda fermerlardan yer uchastkalari noqonuniy olib qo‘yilishi bo‘yicha 500dan ortiq murojaat kelib tushgan - Biznes-ombudsman

2020 yilda fermer xo‘jaliklaridan yer uchastkalari noqonuniy olib qo‘yilishi yuzasidan 500dan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Biznes-ombudsman yetakchi inspektori O‘ktam Choriyev ma'lum qildi.

«Biznes-ombudsman devoniga 2020 yilda fermer xo‘jaliklaridan va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalaridan yer uchastkalari noqonuniy olib qo‘yilishi yuzasidan 511ta murojaat kelib tushgan. Eng ko‘p murojaatlar Toshkent, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Vakil tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat hokimiyati organlariga 30ta taqdimnoma, sudlarga 36ta ariza, 9ta kassatsiya va nazorat shikoyatlari va 3ta xulosa kiritilgan. Natijada yer maydonlari fermer xo‘jaliklariga qaytarilgan», degan O‘ktam Choriyev.

Ma'lum qilinishicha, Yer kodeksining 46-moddasiga asosan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar fermer va dehqon xo‘jaliklarni, bog‘dorchilik, polizchilik, chorvachilik va uzumchilikni yuritish uchun beriladi. Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi esa kamida 30 bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi.

Yer uchastkalari berilganda fermer xo‘jaligi o‘z zimmasiga qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o‘rtacha yillik hosil hisobida) qonun hujjatlarida belgilangan normativ hosildorlikdan kam bo‘lmasligini ta'minlash majburiyatini oladi. Bu majburiyat yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qo‘yiladi.

Biznes-ombudsman yetakchi inspektori qayd etishicha, fermer xo‘jaliklari yuritish uchun yer uchastkalari ochiq tanlov asosida ijaraga 50 yilgacha bo‘lgan, lekin 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi. Fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xo‘jaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar boshqa teng shartlarda ustun huquqdan foydalanadi. Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xo‘jaligining boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan imzolanadi. Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkalaridan qat'iy belgilangan maqsadda foydalaniladi. Ular xususiylashtirilishi, shuningdek, oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obekti bo‘lishi mumkin emas. Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olishda fermer xo‘jaligi tomonidan garovga qo‘yilishi mumkin. Yer uchastkasining o‘lchami va chegaralari faqat fermer xo‘jaligi boshlig‘ining roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.

Top