13:50 / 04.03.2021
2891

O‘zbekistonda tibbiyot telekanalini ochish taklif qilindi

 Bugun, 4 mart kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi. Unda Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi.

Qo‘mita yig‘ilishida yoshlarning tibbiy madaniyati sustligi, nikohlanuvchi yoshlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar berish so‘raldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh mutaxassisi Egamberdi Eshboyev sog‘lom hayotni targ‘ib qiladigan tibbiyot telekanalini ochish taklifi bilan chiqdi.

«Umrimning 25 yilini leprozoriy (moxovxona)da o‘tkazdim, moxovlar ertadan kechgacha televizor ko‘radi, gazeta o‘qiydi. Har bir qaror va o‘zgarishga najot ko‘zi bilan qarab yotadi. Hozirgi kunda O‘zbekiston bo‘yicha bor-yo‘g‘i 233 nafar moxov qoldi. Ularning 2 mingdan ortiq maishiy kontaktlari bor, biz ularning har birini taniymiz, bilamiz. Lekin ular orasida nikohdan keyingi kasallik va irsiylik bilan bog‘liq muammoli gaplar yo‘q.

Mana hozir sport, bolalar, madaniyat haqida telekanallar bor. Lekin tibbiyot haqida kanal yo‘q. Tibbiyot telekanalini ochish kerak. Yoshlarimizga tibbiyotning nima ekanini, uning foydalarini o‘rgataylik. Yoshlarimizni to‘g‘ri hayot tarziga boshlamoqchi ekanmiz, bir telekanal ochib sog‘lom turmushni targ‘ib qilaylik. Qancha professor va akademiklarimiz bor, ular kelib maslahat berishsin», dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh mutaxassisi.

Mavzuga oid
Top