21:07 / 04.03.2021
3527
Qozog‘iston SSV vaziri: Pandemiyaga qarshi O‘zbekiston tajribasi o‘rganishga arziydi

O‘zbekistonga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Erali Tug‘janov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari mamlakatda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishmoqda.

Delegatsiya a'zolari Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham bo‘lib, koronavirusni davolash borasidagi O‘zbekiston tajribasi bilan tanishishdi.

Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lib, 33 gektar maydondagi 2ta kompleksni o‘z ichiga oladi. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan. Muassasa 4 ming o‘ringa mo‘ljallangan. 

Reanimatsiya bo‘limlarida har bir koyka sun'iy o‘pka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo‘limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jihozlash ham mumkin.

Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya bo‘yicha eng ilg‘or apparatlar o‘rnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda o‘rtacha 40 kishiga tashxis qo‘ysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Ekspress-test usulida qondagi antitanachalarni 10 daqiqada aniqlash imkoni yaratilgan. 

Shuningdek, qabul-diagnostika bo‘limida  multispiral kompyuter va magnit rezonans tomografiya, raqamli rentgen hamda zamonaviy ultratovush diagnostikasini bir vaqtning o‘zida bajarish mumkin.

«O‘zbekistonning qisqa fursatlarda shunday ulkan majmuaning barpo etgani mamlakatning salohiyatidan darak beradi, albatta. Pandemiyaga qarshi O‘zbekiston tajribasi o‘rganishga arziydi. Ayniqsa, davlatlarimiz orasida bu boradagi hamkorlik ko‘proq samara beradi, deb o‘ylaymiz. Chunki bir mintaqada yashayotgan, iqlim sharoitlari, yashash tarzi bir-biriga yaqin bo‘lgan aholi orasida virusning tarqalish tabiati ham bir-biriga yaqin bo‘lishi kuzatiladi», degan Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy. 

Shuningdek, Qozog‘iston delegatsiyasi Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tashrifdan so‘ng O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari faoliyati bilan ham tanishgan. 

Top