20:12 / 04.03.2021
8002

Tijorat banklarida muammoli kreditlar ulushi 2,7 foizga yetdi

2021 yilning 1 fevral holati bo‘yicha tijorat banklarida muammoli kreditlar (NPL) 7 trillion 487 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Markaziy bank tomonidan 2021 yilning 1 fevral holati bo‘yicha tijorat banklarining muammoli kreditlari haqida ma'lumot berildi.

Joriy yilning 1 fevral holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga jami 277 trillion 755 milliard so‘m kredit ajratilgan bo‘lib, shundan 7 trillion 487 milliard so‘mini yoki 2,7 foizini muammoli kreditlar tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich, 2020 yilning 1 aprel holatida 2,3 foizni, 1 dekabr holatida esa 2,4 foizni tashkil qilgan.

Moliyachi Otabek Bakirov Kun.uz uchun bergan intervyusida «mahallabay» ishlash tizimi orqali kreditlar ajratilishi tijorat banklarida muammoli kreditlar miqdorining oshib ketishiga sabab bo‘lishini aytib o‘tgandi.

Shuningdek, jami kredit portfelida muammoli kreditlar (NPL) ulushi 2ta bankda 10 foizdan oshib ketib, O‘zagroeksportbankda 14,2 foizga va Madad invest bankda 16,1 foizga yetgan.

2021 yilning 1 fevral holati bo‘yicha muammoli ipoteka kreditlari 4,5 foizni tashkil etgan. Ipoteka kreditlarida berilayotgan imtiyozlar NPL ulushini oshirib yuborishi mumkin.

Top