19:46 / 05.03.2021
8224
13 marta qoida buzgani uchun 8,6 mln so‘m jarimaga tortilgan haydovchining mashinasi xatlandi

13 ta qoidabuzarlik uchun 8 mln 697 ming so‘m miqdorida jarima hisoblangan.

«Majburiy ijro byurosining Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi ish yurituviga Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan qoidabuzardan davlat foydasiga ma'muriy jarimalarni undirish to‘g‘risida ijro hujjatlari kelib tushgan. Davlat ijrochilari tomonidan «Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qarzdorga 10 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan. Qaror nusxasi taraflarga pochta aloqa bo‘limi orqali yuborilgan.

Biroq haydovchi bir necha marta ogohlantirilganiga qaramay, 8 mln 697 ming so‘mlik qarzini to‘lamagan. Bu harakatini oqlaydigan biror uzrli sabab keltira olmagan. Aksincha, u ijro harakatlarini bajarishi uchun davlat ijrochisiga qarshilik ko‘rsatib kelgan. Shu sababli bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga nisbatan qonunning 82-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining o‘n besh barobari miqdorida jarima tayinlangan», – deya MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

MIB vakili haydovchining qanday turdagi qoidabuzarlikni sodir etganiga aniqlik kirita olmadi va buni ijro hujjatlarida bunday ma'lumot bo‘lmasligi bilan izohladi.

Qayd etilishicha, jarimalar undirilishini ta'minlash maqsadida haydovchining nomidagi «SPARK» avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydonchasiga topshirilgan.

Farrux Toshpo‘latovga ko‘ra, agar qarzdor jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lamagan taqdirda undiruv harakatlari uning ish haqiga qaratiladi. Bordi-yu u hech qayerda ishlamasa, mazkur holatda boshqa mol-mulklari ham xatlanadi. Ta'kidlanishicha, yuqoridagi jarayonlardan keyin ham jarimani undirishning imkoni bo‘lmasa, avtomashina elektron savdo maydonchasiga qo‘yilib sotilishi va sotuvdan tushgan pul undiruvga qaratilishi mumkin.

Top