17:57 / 05.03.2021
3309
«3-4 yil ichida ilmdan manfaatdorlik paydo bo‘ldi» - Toshkentda yosh olimlarga 100 mln so‘mgacha pul mukofoti topshirildi

Innovatsion rivojlanish vazirligida 2020 yil yakunlari bo‘yicha matematika, biologiya, kimyo va geologiya fanlaridan eng yuqori reytingga erishgan yosh olimlarni 100 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

40 yoshgacha bo‘lgan, «Hirsh» indeksi eng yuqori olimlar tanlab olinib, har bir o‘ringa 100 mln so‘mdan pul mukofotlari topshirildi. G‘oliblarni xalqaro miqyosda nufuzga ega bo‘lgan Elsevier kompaniyasi aniqlab berdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bu kabi rag‘batlantirishlar yoshlarni ilmga qiziqtirishi, o‘rnak olishga chaqirishini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Ibrohim Abdurahmonov

«Prezident tomonidan iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirib borish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shuning ijrosi sifatida dunyoda tanilgan, «Hirsh» indeksi eng yuqori, 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar tanlab olindi va ularga 100 mln so‘mdan pul mukofoti taqdim etildi. 

Fan yo‘nalishlarini tanlashda prezidentimiz 2020 yilda ustuvor deb belgilagan matematika, biologiya, kimyo va geologiya fanlari asos qilib olindi.

Hamma joyda ham manfaatdorlik yuqori, rivojlanish tendensiyasini ko‘rsak, 3-4 yil ichida jamiyatimizda, xususan, ilmda tijoratlashtirish orqali manfaatdorlik paydo bo‘ldi. 

Bugungi taqdirlashdan shuni tushunish kerakki, bu yoshlarimizga o‘rnak bo‘lsin. Ilm shunchaki maqolalar, kitoblar yozish uchun emas, ilmga xizmat qilinsa, uning orqasidan jamiyat e'tirof etishini namuna sifatida ko‘rsatmoqchimiz.

Bu kabi taqdirlashlarni kengaytirib borishni rejalashtirganmiz. 2021 yilda fizika va chet tili yo‘nalishlarini, keyinchalik gumanitar fan yo‘nalishlarini ham qamrab olamiz», deya ta'kidladi innovatsion rivojlanish vaziri.

To‘rtta fan yo‘nalishi bo‘yicha 6 nafar yosh olim taqdirlandi. Matematika va kimyo yo‘nalishlarida bir nafardan olim g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, biologiya va geologiya yo‘nalishlarida ikki nafardan olimning «Hirsh» indeksi teng keldi, xalqaro tajribaga asosan umumiy summa ikki olimga teng taqsimlandi.

Mukofotlangan olimlar:

matematika —Abror Xudoyberdiyev;

kimyo —Obid Tursunov;

biologiya — Ulug‘bek Abdufattoyev, Tohir Bozorov;

geologiya — Shamshodbek Akmalov, Elyor Toshmatov.

Olimlarni taqdirlashga sarflangan mukofot mablag‘lari Yoshlar akademiyasi hisobidan moliyalashtirildi.

Top