22:23 / 05.03.2021
17252
«Chet elda o‘zbekistonlik ishchilarga talab juda yuqori» – Tashqi ishlar vazirligi

Tashqi ishlar vazirligi vakili xorijga ishlash uchun ketgan vatandoshlarimizga vazirlik tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam haqida gapirdi.

Foto: RIA Novosti

Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Mahmudovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, xorijga ishlash maqsadida ketgan o‘zbeklarning ahvoli bir necha vazirliklar bilan hamkorlikda ularning oila a'zolaridan surishtirilmoqda.

«Bizning vazirlik vakillari Mehnat va Ichki ishlar vazirliklari xodimlari bilan birgalikda xorijga ishlash uchun ketgan vatandoshlarimiz oila a'zolari bilan uchrashib, ularning qayerda va qanday ish bilan bandligi, nima muammolari borligini o‘rganishmoqda. 

Afsuski, aksariyat mehnat muhojirlarimiz chet elga chiqqach, o‘sha davlat qonunlarini ko‘p buzishadi. Ayniqsa, pandemiya davrida ko‘plab vatandoshlarimiz xorijga noqonuniy yo‘l bilan chiqqan va ishlagan. Ularning ko‘pchiligida mablag‘i yoki pasport muddati tugagan, registratsiyasi ham o‘tib ketib O‘zbekistonga qaytishga imkoniyati bo‘lmagan. Ichki ishlar organlaridan qochib yurganlar ko‘p. Pasport yo‘qotsa, qayerga borishni bilmaydi. Elchixonaga kelishga qo‘rqadi.

Hozirgacha taxminan 1800 nafar chet elga ishlash uchun ketgan yurtdoshimiz shunday holatga tushgani aniqlandi va ularning ro‘yxati tuzildi hamda jo‘natildi.

Mehnat vazirligidan o‘tgan kuni ma'lumot oldik, yana 400 nafar odamda pasport muammosi bor ekan. Ularning pasportlari muddati tugagan. Telefon raqamlarini topdik. Ularga elchixonalar orqali chiqilib, har biriga pasport yoki O‘zbekistonga qaytish hujjatlari rasmiylashtiriladi.

Mablag‘i bo‘lmasa, moddiy yordam beramiz, ishsiz bo‘lsa ish bilan ham ta'minlayapmiz. Chunki hamma elchixonalarimiz yirik ish beruvchilar bilan doimiy aloqada. Chet elda o‘zbekistonlik ishchilarga talab juda katta.

Raqamlarga kelsak, vazirligimiz tomonidan 2020 yilda 560 ming nafar o‘zbekistonlikning vatanga qaytishiga yordam berildi. O‘tgan yili salkam 19 ming yurtdoshimizga 1 million 300 ming dollardan ortiq moddiy yordam ko‘rsatilgan. 100 ming nafardan ortiq kishiga konsullik yordamlari berilgan», - dedi vazirlik vakili.

Avvalroq, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari duch kelayotgan asosiy muammo va to‘siqlar ma'lum qilingandi.

Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning chet eldagi mehnat migrantlari soni 1 million 678 ming 400 nafarni tashkil etmoqda. Bu raqam o‘tgan yil boshiga nisbatan 782,4 ming kishiga kamaygan.

Top