15:41 / 05.03.2021
12290

Freedom House O‘zbekistonni «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar qatorida qoldirdi

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilot Freedom House 2020 yil yakunlari bo‘yicha jahon mamlakatlarining erkinlik darajasiga oid an'anaviy yillik hisobotini e'lon qildi. Yangi reytingda O‘zbekistondagi erkinlik darajasi 100 balldan 11 ballga baholangan va O‘zbekiston «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar qatorida qolgan.

O‘zbekistondagi siyosiy huquqlar eng yuqori 40 balldan 2 ballga, fuqarolik erkinliklari esa eng yuqori 60 balldan 9 ballga, jami 11 ballga baholangan. Shuningdek, internet erkinligi bo‘yicha ham O‘zbekiston 100 balldan 27 ball to‘plab interneti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoridan joy olgan.

Foto: Freedom House

2019 yil yakunlari bo‘yicha ham O‘zbekiston 100 ballik shkalada 10 ball to‘plab, «erkin bo‘lmagan» davlatlar qatoridan joy olgandi.

2020 yil yakunlari bo‘yicha reytingda eng yuqori o‘rinlarni maksimal 100 ball bilan Yevropa davlatlari Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiya egallagan. Eng past natijalarni esa Tibet va Suriya 1 ball bilan, Turkmaniston, Eritreya, Janubiy Sudan (2 balldan) va Shimoliy Koreya (3 ball) egallagan.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari - Tojikiston (8 ball), Qozog‘iston (23 ball) va Qirg‘iziston (28 ball) ham «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar qatoriga kiritilgan. Qirg‘iziston o‘tgan yili qisman erkin bo‘lgan davlatlar qatorida edi. Lekin Freedom House o‘tgan yilgi parlament saylovlarida fuqarolarning siyosiy huquqlari buzilishi ortidan mamlakat reytingini tushirib yubordi.

Osiyo qit'asida Janubiy Koreya, Yaponiya va Mo‘g‘uliston erkin mamlakatlar sifatida qayd etilgan.

Freedom House’ning an'anaviy tadqiqoti bu yil 195ta mamlakat va 15ta hududni qamrab olgan. 82ta davlat va 1ta hudud (kartada yashil) to‘liq erkin, 59ta davlat va 4ta hududda (sariq) qisman erkinlik bor. 54ta davlat va 10ta hudud (binafsharang) esa erkin bo‘lmaganlar qatoriga kiritilgan.

Foto: Freedom House
Top