22:20 / 05.03.2021
12288

Koronavirus: Bayden respublikachi shtatlardan g‘azabda, YeI vaksina uchun «jang qilmoqda»

Yevropada vaksina uchun jang davom etmoqda - Italiya vaksinaning o‘tkir tanqisligi tufayli AstraZeneca vaksinasining Avstraliyaga eksportini taqiqladi. Isroil, Avstriya va Daniya hamkorlikda virus mutatsiyalariga bardoshli vaksina ishlab chiqadi. San-Diyegodagi hayvonot bog‘ida sutemizuvchilarni emlashmoqda, zoologlar gorillalar hayoti uchun tashvishda. 

Foto: Reuters

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasi davrida butun dunyoda kasallanganlar soni 115,6 mln kishidan oshdi, qurbonlar soni 2,6 mln.ga yetgan. AQSh hamon bu borada eng yomon ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda - 28,8 mln kishi virusdan zararlangan, 520,3 ming kishi halok bo‘lgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden majburiy niqob taqish rejimini bekor qilgani uchun Texas va Missisipi shtatlari rasmiylarini «neandertalcha fikrlash»da aybladi. Bu ikki shtat an'anaga ko‘ra respublikachilar taraf hisoblanadi: bu shtatlarda gubernatorlar Respublikachilar partiyasidan, elektorat ham «qizillar» uchun ovoz beradi. Noyabrdagi saylovlarda bu shtatlar Donald Tramp uchun ovoz bergandi.

Bayden gubernatorlarning qarorini xato deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinatsiya kampaniyasi shitob bilan olib borilayotgan bo‘lsa-da, hali ham qat'iy choralarga zarurat saqlanib qolmoqda.

Texas va Missisipi barcha sohalardagi biznes faoliyatiga ham ruxsat berib yuborgan. Respublikachilar ustunlik qiladigan boshqa qator shtatlarda ham ayrim cheklovlar bekor qilinmoqda.

Vaksina uchun jang: Italiya pretsedent yaratdi
Italiya hukumati Avstraliyaga yetkazib berilishi mo‘ljallangan AstraZeneca vaksinalari partiyasini to‘xtatdi. Gap Italiyadagi zavodlardan birida tayyorlangan 250 ming doza miqdoridagi AstraZeneca vaksinasi haqida ketmoqda.

Shu tariqa, Italiya YeI davlatlari orasida tegishli chorani qo‘llagan ilk davlat bo‘ldi - Yevropa Ittifoqida agar ishlab chiqaruvchi yevropalik buyurtmachilarning oldidagi majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda, ushbu vaksina ishlab chiqaruvchisining mahsulotlari YeIdan tashqariga eksport qilinishini to‘sib qo‘yishga ruxsat berilgan.

Avstraliya hukumati bitta partiyani yo‘qotish vaksinatsiya kampaniyasiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmasligini bildirgan, shu bilan birga, bu vaziyatda Italiyani qo‘llab-quvvatlayotgan Yevrokomissiyadan bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Mart oyi oxirigacha AstraZeneca Yevroittifoqqa 2021 yilning birinchi choragi uchun kelishilgan miqdorning atigi 40 foizini yetkazib bera olishi mumkin. Bu kabi uzilishlar Pfizer vaksinasini yetkazib berishda ham kuzatilmoqda.

Yevrokomissiya tomonidan ishlab chiqilgan emlash dasturi yomon tashkillashtirilgani va muddatlarda kechikilayotgani uchun tanqidga uchramoqda. Rasmiy Bryussel esa bunda yetkazib beruvchilar o‘z majburiyatlarini bajarmayotganini sabab qilib keltirmoqda.

Yevropa choralar ko‘radi
YeI ichki bozori bo‘yicha yevrokomissar Terri Breton Politico internet nashriga bergan intervyusida Yevroittifoq mamlakatlari agar zarurat tug‘ilsa, rossiyaliklar va xitoyliklarning vaksinalaridan ham foydalanishi  mumkinligini aytdi. Yevropa regulyatori hozircha bu preparatlarni foydalanish uchun ma'qullamagan. Ammo Bryusseldagilar qit'a aholisini emlash jarayonini tezlashtirish yo‘llarini izlash zarurati tug‘ilganini tan olishmoqda. Chexiya va Vengriya allaqachon rossiyaliklar preparatini qabul qilishga tayyorliklarini bildirishgan.

Fransiya va Germaniya ortidan Daniya ham AstraZeneca vaksinalarini 65 yoshdan kattalar guruhi uchun ham qo‘llashga ruxsat berdi. Daniya hukumati bu qarorini Shotlandiyada o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlar bilan asoslagan, bu tadqiqotlar preparat barcha yosh toifalari uchun samarali ta'sir ko‘rsatishini ko‘rsatgan.

Daniya, Avstriya va Isroil hamkorlikda koronavirusga qarshi vaksina yaratish bo‘yicha kelishuv imzolashdi. Bu uch davlatdagi olimlar hozirda mavjud vaksinalar tez orada yangi mutatsiyalarga qarshi samarasiz bo‘lib qolishi mumkin deb hisoblashmoqda va yangi vaksinani tezroq yaratishni maqsad qilishgan. Alyans bo‘yicha muzokaralar shu kunlarda Tel-Avivda bo‘lib o‘tdi. Yevroittifoq, umuman olganda, o‘z a'zolarining bu loyihada ishtirok etishiga qarshi emas, ammo Fransiya loyihada YeIning amaldagi strategiyasiga amal qilinishini talab qilmoqda.

Fransiyaning La-Mansh bo‘g‘oziga eng yaqin regioni - Pa-de-Kaleda «dam olish kunlaridagi lokdaun» joriy etildi. Hozircha bunday choralar qancha muddat davomida amal qilishi ma'lum emas, ammo mahalliy rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, kasallik keng tarqalishi fonida bunday choraga zarurat bor. Fransiyada ko‘p vaqt davomida qat'iy choralar amal qilib keldi -  to‘liq lokdaundan komendantlik soatigacha. Hozir esa deyarli butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab karantin choralari bekor qilingan - Kaledan sharqdagi Dyunkerk va Lojuvard sohildagi Nitssadan tashqari. Barlar, restoranlar va kurortlar butun mamlakat bo‘ylab yopiqligicha qolmoqda. Fransuz hukumati yozgacha mamlakat aholisining uchdan bir qismi - 30 million kishini emlab bo‘lishni rejalashtirgan.

Germaniya kamida mart oyi oxirigacha lokdaunda qoladi. Rasmiylar 16 federal yerdan atigi ikkitasida kasallanish darajasini minimal darajaga (100 ming kishiga 50 holat) tushirishga erishilganini aytmoqda. Berlin bir necha oy muqaddam shunday rejani qo‘ygandi, ammo hozircha vaziyatni to‘liq nazorat qilishning imkoni bo‘lmayapti.

Britaniyada «brazilcha shtamm» tarqatuvchisini topdi
Buyuk Britaniya hukumati nihoyat mamlakatga «brazilcha shtamm»ni olib kelgan oltinchi odamni ham aniqladi. O‘tgan haftada Britaniya hukumati ilk bor Braziliyada aniqlangan yangi shtammning yuqishi bilan bog‘liq olti holatni qayd etgandi. Besh nafar tashuvchi darhol aniqlangan, koronavirusga topshirgan testi musbat natija bergan oltinchi shaxs tibbiyot xodimlariga o‘zi haqidagi ma'lumotlarni qoldirmagani ma'lum bo‘lgandi.

Olimlarning hisoblashicha, brazilcha variant nisbatan oson yuquvchan. Mavjud vaksinalar unga qarshi foyda bermasligi mumkinligi haqida ham aytilmoqda. Ammo Britaniya milliy sog‘liqni saqlash xizmati bosh shifokori Stiven Pouisning hisoblashicha, mavjud vaksinalar koronavirusning yangi mutatsiyalariga qarshi moslashtirilishi mumkin.

Dushanba kuni Britaniyada karantin cheklovlarining bekor qilinishi bo‘yicha birinchi bosqich boshlandi: maktablar yana o‘quvchilarni qabul qilishi mumkin. 11 yoshdan kattalar ham bosqichma-bosqich partalarga qaytadi. Ko‘plab o‘rta maktablarda darslar vaqtida o‘quvchilar niqobda bo‘lishi talab etiladi.

Ko‘plab ota-onalar norozi, bir qator shaharlarda darslarda niqob taqilishi majburiy bo‘lganiga qarshi onlayn-petitsiyalar o‘tkazilgan. Rasmiylar koronavirusga qarshi choralar doirasida maktablar binolarini doimiy ravishda shamollatib turishni va'da qilishmoqda.

Britaniya - Yevropa davlatlari orasida pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakatdir. Bu davlat kasallanish holatlari ko‘pligi bo‘yicha yuqori beshlikdan o‘rin olgan - 4,2 mln kishi, bu faqat Rossiyaning natijasidan biroz kamroq. O‘lim holatlari soni bo‘yicha ham Britaniya dunyoda beshinchi o‘rinda - 124,2 ming qurbon.

Kipr turizm uchun ochilishga tayyor
Kipr hukumati may oyidan o‘z kurortlarini Britaniyadan keladigan sayyohlar uchun ochishga tayyorligini bildirdi - turistlar koronavirusga qarshi emlangani to‘g‘risida ma'lumotnomaga ega bo‘lishi kerak. Britaniya turizmi ushbu orol uchun muhim ahamiyatga ega, Kipr turindustriyasiga eng ko‘p daromadni britaniyaliklar keltiradi.

1 maydan britaniyaliklar Kiprga to‘sqinliksiz ucha olishi mumkin bo‘ladi. O‘tgan yili bu borada ko‘plab qiyinchiliklar va ortiqcha xarajatlar mavjud edi. Masalan, koronavirus uchun testning eng arzon narxi (usiz samolyotga chiqarishmasdi) 200 funtga teng edi (280 dollar atrofida). Ammo bu pulni to‘lashga tayyor bo‘lganlarning hammasi ham o‘z vaqtida jo‘nay olmasdi, Britaniyadagi xususiy laboratoriyalarda haftalab navbat kutishga to‘g‘ri kelardi.

Kiprning qarori britaniyaliklar uchun xushxabar bo‘ldi, ular allaqachon yozgi ta'tilni qayerda o‘tkazish haqida o‘ylashmoqda, ammo ikkita muammo bor: birinchidan, may oyi boshida Britaniyada hamon chegaradan tashqariga chiqishda cheklovlar amalda bo‘ladi, ikkinchidan - hukumat may oyigacha vaksinatsiya jarayonini tugallashiga ishonch kam. Ayni vaqtda mamlakatda 65 yoshdan kattalar emlanmoqda, boshqa yosh toifasidagilarning navbati hali kelmadi.

Sut emizuvchilarni emlash

San-Diyego hayvonot bog‘ida ayrim sut emizuvchilar emlanadi, ular orasida to‘rt orangutan, besh babuin va bir necha gorilla bor. Yanvar oyida hayvonot bog‘larida gorillalar orasida koronavirus avj olgach, jonivorlar uchun shoshilinch vaksina tayyorlandi.

O‘shanda sakkiz jonivor kasallangan, bu dunyoda maymunlar Covid-19 yuqtirishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘lgandi. San-Diyego hayvonot bog‘i matbuot xizmati xabariga ko‘ra, barcha gorillalar omon qoldi va tuzala boshladi.

Ammo zoologlar gorillalar kasallik yuqtirib olganining o‘zidan tashvishga tushishgan. Dunyoda so‘nggi o‘n yillikda ushbu jonivorlar populyatsiyasi qisqargan, hozirga kelib gorillalar yo‘qolib ketish yoqasidagi turlarga kiritilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top