12:53 / 05.03.2021
9102
“O‘zbekneftgaz”: “Uzbekneftegaz GTL” zavodida ilk bor yoqilg‘i gazi qabul qilindi

Loyihalash quvvatiga erishgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadigan, 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladigan zavodning so‘nggi bosqich qurilish-montaj davom ettirilmoqda.

Zavod dunyoning neft va gaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsoe (Daniya) va Chevron (AQSh) kabi kompaniyalarning texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, Bosh pudratchilar, ya'ni Janubiy Koreya Respublikasining “Hyundai Engineering”, “Hyundai Engineering & Construction” hamda “Enter Engineering” (Singapur) konsorsiumi kabi yirik qurilish kompaniyalari va “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida uskunalarni ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tashkil qilingan “Ishchi” guruh muntazam tarzda "GTL" zavodida bo‘lib, qurilish-montaj ishlarini sifatli va qisqa vaqtda tugatish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Natijada esa, “Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish” investitsiya loyihasining barqaror ishlashini ta'minlaydigan GTL 220/35/10 kV” podstansiyasi qurilib foydalanishga topshirildi.

“Uzbekneftegaz GTL” korxonasining ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarining davom ettirilishi natijasida, ijobiy samaralarga erishildi.

Zavodning tashqi elektr ta'minoti obektlari ishga tushirildi va zavod tizimdan elektr energiyani qabul qilishni boshladi. Zavodning markaziy boshqaruv pulti, nazorat o‘lchov va avtomatika tizimining 2-sonli boshqaruv binosi, nazorat o‘lchov va avtomatika uskunalari uchun siqilgan havo ishlab chiqarish qurilmalari ishga tushdi.

Joriy yilning 11 fevral kuni esa “Uzbekneftegaz GTL” zavodida birinchi marotaba yong‘inni o‘chirish suv tizimi 82-sonli qurilmasi ishga tushirildi.

2021 yilning 3 mart kuni yana bir ajoyib natijaga erishildi. “Uzbekneftegaz GTL” zavodida “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvuridan ilk bor yoqilg‘i gazi qabul qilindi.

Yoqilg‘i gazini qabul qilish boshlanishi bilan “GTL” zavodining yoqilg‘i gaz tizimi (78-sonli qurilmasi) ishga tushirildi va texnologik uskunalar hamda qurilmalarni sozlash va ishga tushirish ishlarining navbatdagi bosqichi boshlanadi.

Yoqilg‘i gaz – tarkibida turli aralashmalar mavjud bo‘lgan, asosan metandan iborat tabiiy gazdir. “GTL” zavodiga yoqilg‘i gazini qabul qilish “Uzbekneftegaz GTL”, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi va loyihaning YeRS pudratchisi mutaxassislari jamoasining yaqin hamkorligi va muvofiqlashtirilgan ishlari tufayli xavfsiz va muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

“GTL” zavodiga yoqilg‘i gazni yetkazib berish uchun gaz quvurini qurilish – montaj ishlari Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi tomonidan bajarildi.

Yana bir necha kundan so‘ng, zavodning qozonxonalarini ishga tushirish va bug‘ ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilmoqda.

“Uzbekneftegaz GTL” zavodi Matbuot xizmati

Top