18:56 / 05.03.2021
4269
Registon maydoni oldida mashina urib yuborgan piyoda vafot etdi

Samarqand shahrida, Registon maydonining oldida joylashgan piyodalar yo‘lakchasida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Ko‘chani kesib o‘tayotgan piyodani yo‘lda harakatlanib kelayotgan mashinalardan biri urib yubordi. Oqibatda u vafot etdi.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 3 mart kuni soat 20:30larda Samarqand shahridagi Registon ko‘chasida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Davlat raqami 30M 897 VA bo‘lgan «Lasetti» avtomashinasi ko‘chani kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Oqibatda u Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shifokorlarning sa'y-harakatlariga qaramasdan, piyoda vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur piyodalar yo‘lakchasi Registon maydoni ro‘parasida joylashgan bo‘lib, unga svetofor o‘rnatilgan. Hodisa ro‘y berganda piyoda qoidani buzib svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan. Bu haydovchining mashinasiga o‘rnatilgan videoregistrator tomonidan yozib olingan.

Yo‘l-transport hodisasi ro‘y berganda haydovchi zudlik bilan piyodani shifoxonaga olib borgan. Ammo uning jonini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.

Top