20:58 / 05.03.2021
59757

Toshkentda taksi haydovchisi voyaga yetmagan bolaning nomusiga tegmoqchi bo‘ldi

Chilonzor tumanida qora rangli «Neksiya-3» avtomobilida taksichilik qilgan noma'lum erkak 11 yoshli o‘g‘il bolani zo‘rlamoqchi bo‘ldi. Voqeadan keyin 5 kun o‘tdi, aybdor hozircha aniqlanmay qolmoqda.

Toshkent shahrida yashovchi fuqarolardan biri Kun.uz'ga murojaat qilib, o‘g‘li bilan bo‘lgan noxush holatni so‘zlab berdi. Uning aytishicha, shu yil 28 fevral kuni 11 yoshli o‘g‘li Chilonzor tumanidagi uyidan amakisining uyiga borish uchun qora rangli «Neksiya-3» rusumli taksiga chiqadi.

Mashinada haydovchidan tashqari yana bir yo‘lovchi ham bo‘ladi. Haydovchi bu yo‘lovchini Chilonzor tumanida tushirib qoldiradi, keyin yana bir ayol yo‘lovchini oladi. Bu vaqt oralig‘ida murojaatchining o‘g‘li ham mashinada bo‘lgan.

«11 yoshli o‘g‘lim haydovchidan Chilonzor tumanining 20-mavzesiga olib borib qo‘yishni so‘raydi. Lekin haydovchi dastlab mashinasiga olgan ayol yo‘lovchini «Abu saxiy» bozoriga tashlab qo‘yishini aytib, bolamni o‘zi bilan olib ketadi.

Taksichi ayolni bozor atrofida tushirgach, o‘g‘lim bilan mashinada yolg‘iz qoladi. Shundan so‘ng u bolamni aldab, ovloqroq joyga olib boradi. O‘sha joyda mashinam buzilib qoldi, deb to‘xtab eshiklarni qulflaydi va orqa tarafga, bolamning oldiga o‘tadi.

O‘g‘limga: «Sir saqlashni bilasanmi?» deydi va shimini yechib, bolamga nisbatan axloqsiz harakatlar qila boshlaydi. O‘g‘lim qo‘rqib, yig‘lab qarshilik qilishni boshlaganda, haydovchi «ishini» to‘xtatib, uni aytilgan manzilga olib borib qo‘ygan va bu haqda hech kimga aytma, deb tayinlagan» – deydi bolaning otasi.

Ota darhol «102» orqali ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.

Taksichi bolani «Ubay ibn Kaab» masjidi (sobiq «Ilon ota») yaqinidagi ko‘p qavatli uylar oldida qoldirgan. Holat bilan shug‘ullangan Chilonzor tuman IIB masjid tashqarisiga o‘rnatilgan kameralar yordamida bolani tashlab ketgan mashinaga o‘xshash ikkita qora rangli «Neksiya-3» avtomobilini aniqlagan.

Biroq taxmin qilingan har ikkala avtomobilning egalari rasmi bolaga ko‘rsatilganda, bola haydovchi ular emasligini aytadi. Ayni vaziyatda avtomobillar egalari o‘z mashinalarini ishonchnoma asosida boshqa shaxslarga bergan bo‘lishi mumkinligi istisno etilmayapti.

Bolaning otasi Kun.uz'ga murojaatida IIB xodimlari holatni o‘rganishni paysalga solayotganidan norozi ekanini aytdi.

Toshkent shahar IIBB vakilining Kun.uz'ga bildirishicha, haqiqatdan ham bu hodisa yuzasidan Chilonzor tuman IIBga ariza kelib tushgan. Hozircha masala yuzasidan jinoyat ishi ochilmagan, lekin holat o‘rganilib, aloqador shaxslardan tushuntirishlar olish boshlangan.

«IIBB vaziyatdan xabardor va ish borishini o‘z nazoratiga olgan», – dedi Kun.uz so‘roviga javob bergan poytaxt IIBB matbuot xizmati xodimi.

Ta'kidlash joiz, aybdorga nisbatan chora ko‘rilmasa, yana boshqa qaysidir go‘dak uning navbatdagi «o‘lja»siga aylanmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Top