07:57 / 06.03.2021
25241

DXXga ishga kiritib qo‘yish uchun 5000 dollar talab qilgan shaxs ushlandi

Joriy yilning 3 mart kuni Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro X.N. viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qilgan. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

U arizada o‘zini «DXX Toshkent shahar boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i», deb tanishtirgan shaxs o‘g‘lini DXX harbiy qismlaridan biriga ishga kiritib qo‘yishi uchun 5 000 AQSh dollari talab qilayotganini ma'lum qilib, qonuniy chora ko‘rishini so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, «Zarbdor oyligi» doirasida Toshkent viloyati IIBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish va O‘z xavfsizlik boshqarmasi viloyat bo‘limi xodimlari hamda DXX xodimlari hamkorligida Chirchiq shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida o‘zini «DXX Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i», deb tanishtirgan shaxs katta leytenant unvonidagi DXX xizmat kiyimi (formasi)da arizachidan kelishilgan 5 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarini olayotgan vaqtda, tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

O‘tkazilgan suhbat davomida ushbu shaxs Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan E.M. ekani, u hech bir davlat organi yoki boshqa tashkilotda ishlamasligi, shuningdek, avvalroq DXXga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tagani aniqlangan.

Ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top