21:26 / 06.03.2021
2101
Malayziyaning AirAsia aviakompaniyasi 2022 yilda uchar taksilar xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchi

Uchar taksilarda to‘rttadan kam o‘rin bo‘lmaydi, ular kvadrokopter kabi harakatlanadi.

Foto: Reuters

Malayziyaning AirAsia aviakompaniyasi 2022 yilda uchar taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan, deb ma'lum qildi AirAsia Group Berhad guruhi asoschisi va bosh direktori Toni Fernandes.

Fernandesning so‘zlariga ko‘ra, yangi servis taxminan bir yarim yildan keyin yo‘lga qo‘yiladi. Uchar taksilarda to‘rttadan kam o‘rin bo‘lmaydi, ular kvadrokopter kabi harakatlanadi, dedi u.

U yangi servisni ishga tushirish uchun qancha xarajat qilinishi va yo‘lkira haqi necha pul bo‘lishi to‘g‘risida ma'lumot bermadi. Fernandes shuningdek, uchar mashinalarni kim yetkazib berishiga ham aniqlik kiritmadi.

AirAsia 2020 yilda mijozlariga bir necha oy davomida istaganicha sayohat qilish imkonini beruvchi «cheksiz chipta»larni taklif qilgandi. Aviakompaniya bosh direktori Karen Channing aytishicha, narxi 100 dollarlik 200 mingdan ortiq ana shunday chiptalar sotilgan.

Turli mamlakatlardagi qator kompaniyalar uchar avtomobillar prototiplarini ishlab chiqqan. Airbus 2018 yilda Alpha One samolyot-taksisi sinovlarini o‘tkazgan. Germaniyaning Lilium startapi 36ta elektrodvigatel o‘rnatilgan o‘z prototipini namoyish etgan bo‘lsa, 2018 yilda Rolls-Royce, 2019 yilda Volocopter startapi uchar mashina prototipini taqdim etgan.

Top