16:08 / 06.03.2021
7093
«Pansionat yonida bog‘ barpo etamiz. Bu yerda yashovchilar doimiy e'tiborda bo‘lsin» - Prezident Olmazor tumanidagi «Saxovat» uyiga bordi

Joriy yilning 6 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi urush va mehnat faxriylari «Saxovat» uyiga tashrif buyurdi va bu yerdagi nuroniylar bilan uchrashdi.

Foto: Kun.uz / arxiv

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, uchrashuv davomida davlat rahbari respublikadagi barcha «Saxovat» uylariga oid rejalar bilan tanishdi hamda o‘z tavsiyalarini berdi.

Qayd etilishicha, tashrifning alohida qismida shu maskanda doimiy yashovchilar bilan suhbat uyushtirildi va unda davlat rahbari barchaning fikrini birma-bir tingladi.

«Bu pansionat yonida bog‘ barpo etamiz, mana, shahar hokimi ham shu yerda, tez orada loyihasini qabul qilamiz. Bunday maskanlarda faoliyat yurituvchi tibbiy xodimlar maoshini oshirish masalasini ham alohida ko‘rib chiqamiz. Madaniyat xodimlari, xonandalar faqat bugungidek bayramlarda emas, balki har oy kelib, ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirsin. Yozuvchilar uyushmasi yangi kitoblar taqdim etsin, uchrashuvlar o‘tkazsin. Shunday qilaylikki, bu yerda yashovchilar doimiy e'tiborda bo‘lsinlar», deya prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, yig‘ilganlar prezidentga e'tibor uchun minnatdorchilik izhor etishgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan shahridagi «Saxovat» uyini ham borib ko‘rgandi.

«Menga O‘zbekistonning har bir fuqarosi birdek qadrli. Menga «Saxovat» uylariga ehtiyoji bo‘lgan nuroniylardan juda ko‘p xatlar keladi. Shularni inobatga olib, ijtimoiy himoyani kuchaytiramiz. 4 oy ichida Namangan shahrida «Saxovat» uyi uchun yangi bino qurib beriladi. Sizlar munosib sharoitlarda yashaysiz, davolanasiz. Sizlarga sog‘liq va uzoq umr tilayman», degan davlat rahbari.

Top