00:05 / 06.03.2021
6385
Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchi salkam 22 ming dollarni krossovkasida olib o‘tmoqchi bo‘ldi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma'lumot berdi.

«Toshkent xalqaro aeroporti» chegara bojxona posti inspektorlari xorijga uchib ketayotgan fuqaro G.O‘.ni o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.

Ko‘rik natijasida fuqaro tomonidan yozma deklaratsiyalangan 6640 AQSh dollaridan tashqari, uning yuklarida jismoniy shaxslar tomonidan yozma deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan, ammo krossovka va choy paketi ichiga joylanib, shu tarzda bojxona nazoratidan yashirilgan 21 970 AQSh dollari borligi aniqlandi.

Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Salkam 1 mlrd so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Toshkent shahar bojxonachilari poytaxtda faoliyat olib boruvchi jamiyat nomiga keltirilgan konteynerdagi 8 turdagi xo‘jalik mollarini belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazdi.

Natijada, mazkur konteynerda yo‘l yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, qiymati 537 mln so‘mlik 3 turdagi tovarlar borligi aniqlandi.

Yana bir holatda esa, 4 turdagi velosiped ehtiyot qismlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yuk konteynerida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha 4775 dona, qiymati 250 mln so‘mlik velosiped shinalari borligi aniqlandi va ushbu tovarlarga qo‘shimcha 95,5 mln so‘m bojxona to‘lovlari hisoblandi.

«Chuqursoy» TIF bojxona posti xodimlari aniqlagan holatda esa MChJlardan birining nomiga keltirilgan xo‘jalik tovarlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, bojxona yuk deklaratsiyasida hamda yuk hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha 118 mln so‘mlik 2700 juft rezina oyoq kiyimlar borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

344,2 million so‘mlik bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tishga bo‘lgan urinish amalga oshmadi

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

O‘zbekistondagi MChJlardan birining nomiga xorijdan olib kelingan qurilish materiallarining faktura qiymati hujjatlarda 70 402 AQSh dollari miqdorida ko‘rsatilgani bojxonachilar e'tiborini tortdi va ushbu qiymatning haqqoniyligini tekshirish uchun xorijiy davlatga so‘rovnoma yuborildi.

So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, qurilish materiallarining umumiy faktura qiymati 207 352 AQSh dollari ekani ma'lum bo‘ldi.

Tafovutlar natijasida 344,2 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top