17:30 / 07.03.2021
12689

Denovda ochilgan savdo majmuasi uch mingdan ortiq kishining bandligini ta'minlaydi

Foto: Denov tuman hokimligi

 Denov tumanidagi Namozgoh mahallasida zamon talablariga mos bo‘lgan yirik savdo majmuasi foydalanishga topshirildi.

Savdo kompleksining ochilishida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi. Hokim mazkur savdo majmuasining ochilishi tuman aholisi uchun qulaylik yaratibgina qolmay, ko‘plab fuqarolarning bandligini ta'minlab, hudud infratuzilmasi yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi. 

2017 yil 27 martdagi “2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan qurilgan ushbu majmuada xaridorlar uchun yetarlicha sharoitlar yaratildi. 

Savdo kompleksida yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari mavjud. Majmuaning umumiy maydoni 22,55 gektarni tashkil etmoqda.

Hududda 927 ta kiyim-kechak sotish do‘konlari faoliyat boshladi. Shuningdek, 534 ta oziq-ovqat mahsulotlari sotish do‘konlari va 1359 ta ochiq va yopiq ko‘chma hamda ochiq rastalar, 17 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalari bo‘lib, jami 3 145 ta savdo do‘konlari hamda rasta qurildi. 

Obektning umumiy qiymati 215,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

Yangi savdo majmuasining ishga tushirilishi hisobidan 3198 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Savdo majmuasining ochilish marosimida el ardog‘idagi san'atkorlar ham ishtirok etishdi. 

 Denov tuman hokimligi axborot xizmati

Top