08:04 / 07.03.2021
3328
Twitter rahbari ijtimoiy tarmoq tarixidagi ilk tvitni kimoshdi savdosiga qo‘ydi

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, tvit uchun taklif etilgan narx 1 mln dollarga yetgan.

Foto: Getty Images

Twitter bosh direktori va asoschisi Jyek Dorsi ijtimoiy tarmoq tarixidagi ilk tvitni kimoshdi savdosiga qo‘ydi. Tvitni Dorsining o‘zi 2006 yil 21 mart kuni yozgan: «just setting up my twttr» («shunchaki tvitterimni sozlayapman»).

Ushbu tarixiy tvit Valuables onlayn-auksioniga qo‘yildi. Auksion tvitlarni sotish va sotib olish uchun maxsus yaratilgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, tvit uchun taklif etilgan narx 1 mln dollarga yetgan.

Dorsi ushbu tvitni 1 dollar boshlang‘ich narx bilan 15 dekabrda qo‘ygan. 6 martgacha unga taklif qilingan eng yuqori summa 3500 dollarni tashkil etgandi. Dorsi o‘z sahifasida auksion havolasini joylashtirganidan so‘ng takliflar keskin ko‘paygan.

Ma'lum qilinishicha, xaridor tvitning o‘zini emas, balki tvit muallifi imzosi bo‘lgan raqamli sertifikatni qo‘lga kiritadi. Tvitning o‘zi platformada qoladi. 

Raqamli sertifikatda tvit e'lon qilingan kun va vaqt, uning mazmuni va muallif kriptohamyonining raqamli imzosi bo‘ladi. 

Qayd etilishicha, tvit sotuvidan tushgan pulning 95 foizi uning muallifiga tegadi, 5 foizi esa Valuables komissiyasi uchun olinadi.

Top