10:58 / 07.03.2021
7715

Video: «Chuqursoy» bojxona posti va logistika markazlari faoliyati jamoatchilikka tanishtirildi

5 mart kuni Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Chuqursoy» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti va logistika markazlariga press-tur tashkil etildi.

Ma'lum qilinishicha, «Chuqursoy» TIF bojxona postida 2020 yil davomida 45,8 mingdan ziyod bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilib, davlat budjetiga salkam 2 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlari undirilgan.

84 mln dollardan ziyod qiymatdagi mahsulot shu post orqali xorijga eksport qilingan.

Bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtiruvi «Xavfni boshqarish tizimi» orqali «yashil» (xavfi past), «sariq» (xavfi o‘rta) va «qizil» (xavfi yuqori) yo‘laklarga ajratgan holda amalga oshiriladi.

«Yashil» yo‘lakka tushgan tovar egasi bojxona organiga hujjatlarini internet orqali yuborishi mumkin, biz u bilan aloqa qilmay rasmiylashtiruvni amalga oshiramiz. Har bitta yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirishga  o‘rtacha 20-30 daqiqa vaqt sarflanadi», – deydi «Chuqursoy» TIF bojxona posti bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha inspektor Baxtiyor Azizov.

«Chuqursoy» bojxona posti tasarrufida 26ta bojxona ombori va 1ta erkin ombor faoliyat yuritmoqda.

Post «Universal Logistics Center» va «Chukursay Logistics Center» logistika markazlarida joylashgan. Ularda bir vaqtning o‘zida 6500 konteynerga mo‘ljallangan terminallar bor.

«Universal Logistics Center» MChJ bo‘lim boshlig‘i Nodir Akromovga ko‘ra, markazdagi «yagona darcha» tizimi bunday logistika markazlari uchun yangilik bo‘lgan.

«Tadbirkorlar yukni eksportga jo‘natayotganda yoki import qilayotganda ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bizning markazda ishga tushgan «Yagona darcha» tizimi orqali logistika markazidan hisob-kitob ishlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi», – deydi u.

«Yagona darcha» axborot statistikasi orqali davlat organlarining faoliyatini baholash va tizimning «Foydalanish statistikasi» interaktiv axborot olish xizmatidan foydalanish mumkin.

Media tur davomida bojxona postlaridan noqonuniy olib o‘tishga urinilgan va bojxonachilar tomonidan musodara qilingan tovarlar qayerda saqlanishi haqida ham ma'lumot berildi.

«Noqonuniy olib o‘tishga urinilgan tovarlar vaqtincha bojxona omborlarida saqlanadi. Holat bo‘yicha bojxona inspektori tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, bojxona qoidalarining buzilishi to‘g‘risida bayonnoma tuzadi va inspektor surishtiruvi orqali holatga huquqiy baho beriladi.

Hujjatlar sudga yuboriladi, musodara qilingan tovarlar taqdirini sud hal qiladi», – dedi «Chuqursoy» TIF bojxona posti katta inspektori Zohid Egamberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshkent-tovar» va «Arqbuloq» tashqi iqtisodiy bojxona postlariga ham press-tur tashkil etilgan edi.

Top