19:33 / 07.03.2021
2952
Xitoy 2 yil ichida o‘z koinot stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda 

Xitoy 2 yil ichida fazoga 12 kishini jo‘natishni rejalashtirmoqda. Xitoylik fazogir Yan Liveyning ma'lum qilishicha, ular asosan Xitoyning orbital stansiyasi qurilishida ishtirok etishadi.    

Foto: AP Photo / Zhang Gaoxiang/Xinhu

“Joriy va kelasi yil fazoga 11ta missiyani, jumladan koinot stansiyasining asosiy moduli, tajribaviy bo‘lma, fazoviy kema parvozini amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. 12 fazogir koinotga yo‘l oladi”, deb ma'lum qilgan Yan Livey. U fazogirlar safiga tobora ko‘proq yoshlar kirishiga umid bildirgan.  

Xitoyning “Tyangun” (Samo saroyi) orbital stansiyasi 340 kmdan 450 kmgacha balandlikda quriladi va 10 yildan ko‘proq faoliyat yuritishi kutilmoqda. U doimiy asosda 3 nafar va ekipaj almashganda 6 nafargacha fazogirni qabul qila oladi. Stansiya T-simon ko‘rinishda bo‘ladi. Uning markazida “Tyanxe” tayanch moduli va ikki tomonidan unga ulangan laboratoriya modullari joylashadi. Laboratoriya modullarining har biri og‘irligi 20 tonnadan, stansiyaning umumiy og‘irligi esa 66 tonnadan ko‘proqni, butun hajmi esa 110 kub metrni tashkil qiladi.   

Xitoy o‘z tarixidagi birinchi milliy orbital stansiyani qurish uchun keyingi 2 yil ichida 11ta parvozni amalga oshirmoqchi. Stansiyaning tayanch bazasi orbitaga chiqarilgach, unga “Tyanchjou-2” yuk kemasi va “Shenchjou-12” boshqariluvchi kemasi jo‘natiladi. “Shenchjou-12” ekipaji orbitada bir necha oy faoliyat yuritgach, stansiyaga ikkinchi ekipaj yuboriladi.  

Top