12:27 / 08.03.2021
10741
Pensiya jamg‘armasi ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarning pensiya olish huquqi yo‘qligini eslatdi

Ish staji bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalari davlat pensiyalarini olish huquqiga ega emas.

Pensiya jamg‘armasining eslatishicha, «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunning 1-moddasida ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolar va ularning oilalarida davlat pensiyalarini olish huquqlari yo‘qligi belgilab qo‘yilgan. Bunday fuqarolarning ijtimoiy ta'minlanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ma'lum qilinishicha, qonunning 7-moddasida yoshga doir pensiya olish huquqiga ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil, erkaklar 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘lishlari qayd etilgan.

Avvalroq pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanishi xabar qilingandi.

Qonun bilan pensiya tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar, mehnatga layoqatsiz fuqarolar yoki bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga nafaqalar tayinlash tartibi ham belgilangan. Xususan, 7 yildan kam ish stajiga ega bo‘lgan ayollar 60 yoshga, erkaklar 65 yoshga yetganlarida ularga yoshga doir ijtimoiy nafaqa tayinlanadi.

Eslatmada nogironligi bor fuqarolar Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilsalar, nogironlik pensiyasi tayinlash masalasi qonuniy asosda ko‘rib chiqilishi ma'lum qilingan. 

Top