08:37 / 08.03.2021
2602

«Qoraqalpoq-agro» erkin iqtisodiy zonasining asosiy vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «Qoraqalpoq-agro» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Sputnik

Norma’ning yozishicha, prezidentning «2020–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Amudaryo, Bo‘zatov, Kegeyli, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq, Nukus, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Xo‘jayli, Shumanay va Ellikqal'a tumanlarida jami 875,4 ga yer maydonida «Qoraqalpoq-agro» EIZ tashkil etildi.

«Qoraqalpoq-agro» EIZ faoliyatini boshqarish «Nukus» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» davlat unitar korxonasiga yuklatildi.

Quyidagilar «Qoraqalpoq-agro» EIZ faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini, gidroponika texnologiyalarini qo‘llagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb etish, energiya tejovchi zamonaviy issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish;
  • hudud ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularni chuqur qayta ishlashni kengaytirish va eksport hajmini oshirish;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning urug‘dan to mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha bo‘lgan to‘liq jarayoni tashkil etishni rag‘batlantirish;
  • ko‘chatzorlar, birlamchi urug‘chilikni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish orqali issiqxona xo‘jaliklarini bozor talabi katta, yuqori hosildorlik xususiyatiga ega qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ va ko‘chatlari bilan ta'minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;
  • logistika xizmatlari ko‘rsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sub'yektlariga ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar eksportini tashkil etishda ko‘maklashish;
  • issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishda resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, muqobil issiqlik energiyasi manbalaridan foydalanishni keng joriy etish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish markazlari tashkil etish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, SSP va tijorat banklari bilan birgalikda «Qoraqalpoq-agro» EIZ hududida ikki oy muddatda issiqxona xo‘jaliklari hamda energiya tejovchi zamonaviy issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar ishlab chiqarish obektlarini bo‘sh turgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga joylashtirish bo‘yicha manzilli dasturni ishlab chiqish topshirildi.

Mavzuga oid
Top