21:50 / 08.03.2021
8084
Chovusho‘g‘li boshliq turk delegatsiyasi Xiva, Buxoro va Samarqandda bo‘ldi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li boshliq delegatsiya O‘zbekistonning Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘ldi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xivadan boshlangan sayohatlarda Turkiya delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov hamrohlik qildi. 6 mart kuni Xiva shahriga tashrif buyurgan turkiyalik mehmonlar tantanali ravishda kutib olindi.

Ichan qal'ada ular uchun madaniy tadbirlar tashkil etilib, Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasining "58-Xon" teatrlashtirilgan tomoshasi namoyish etildi.

Shundan so‘ng Chovusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga tashrif buyurdi. Bu yerda mehmonlar Poyi Kalon majmuasi, Mir Arab madrasasi, Labi Hovuz kompleksida bo‘ldi, mahalliy hunarmandlar bilan uchrashdi. Ark qo‘rg‘onida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari taqdim etildi.

7 mart kuni delegatsiya Samarqandga keldi va bu yerda Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasi ochilishida ishtirok etdi. Konsulxonaning ochilish marosimida Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li, Aziz Abduhakimov, Abdulaziz Komilov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qatnashdi.

Top