17:15 / 09.03.2021
27034

54 yoshdan imtiyozli pensiya tayinlangan ayollar soni ma'lum qilindi

1999 yil 1 iyuldan 2021 yil 1 martga qadar 457 ming nafardan ortiq ayolga 54 yoshdan imtiyozli asosda yoshga doir pensiya tayinlangan.

Pensiya jamg‘armasi o‘tgan 22 yil davomida qancha ayolga 54 yoshdan yoshga doir imtiyozli pensiya tayinlangani haqida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, davlat tomonidan 1999 yil 1 iyuldan 2021 yil 1 martga qadar 457 ming nafardan ortiq (20 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan) ayollarga imtiyozli pensiya tayinlangan.

Xususan, 1999 yilda 4 ming 960 nafar ayolga shunday imtiyoz berilgan bo‘lsa, 2010 yilga kelib bu ko‘rsatkich 22 ming 305 nafarni, 2020 yilda esa 35 ming 584 nafarni tashkil etgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021 yil yanvar-fevral oylarida 5 ming 261 nafar ayolga 54 yoshdan imtiyozli asosda yoshga doir pensiya tayinlangan.

Ma'lumot uchun, «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunda ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lishi qayd etilgan. Qonunning 12-moddasida esa 20 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan ayollarga 54 yoshdan yoshga doir imtiyozli pensiya tayinlash mumkinligi belgilangan.

Jamg‘armaning ma'lum qilishicha, dunyo va MDH davlatlarining pensiya qonunchiligida ayollarga 54 yoshdan imtiyozli asoslarda yoshga doir pensiya tayinlash nazarda tutilmagan.

Avvalroq, ish staji to‘liq bo‘lmagan fuqaroga pensiya qanday tartibda tayinlanishi haqida ma'lumot berilgan edi. Shuningdek, Pensiya jamg‘armasi tomonidan ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarning pensiya olish huquqi yo‘qligi eslatilgandi.

Top