19:48 / 09.03.2021
10434

Ronaldu «Portu»ga, Holand «Sevilya»ga qarshi. YeChL 1/8 final javob o‘yinlari oldidan

Chempionlar ligasi nimchorakfinal birinchi o‘yinlaridan keyingi ikki haftalik tanaffusdan so‘ng, bugun 9 mart, seshanba oqshomida 1/8 final javob uchrashuvlari doirasidagi dastlabki ikki o‘yin o‘tkazilib, chorakfinalga yo‘llanma olgan ilk jamoalar ma'lum bo‘ladi. Krishtianu Ronaldu turnirdagi ishtirokini davom ettirishni istasa, «Yuventus» bilan «Portu»ni kerakli natija bilan mag‘lub etishi shart, «Sevilya» esa Dortmundda Erling Holand yetakchiligidagi «Borussiya»dan revansh olishga intiladi.

Ronaldu turnirdagi ishtirokini davom ettiradimi?

«Yuventus» bosh murabbiyi Andrea Pirlo Chempionlar ligasidagi «Portu»ga qarshi o‘yin uchun Krishtianu Ronalduni A Seriya doirasidagi «Latsio»ga qarshi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushirmadi. Murabbiy portugaliyalik goleadorni «Portu»ga qarshi bahs uchun asraganini yashirib o‘tirmadi. Turinliklar Ronalduning gollarisiz ham «Latsio»ni mag‘lub etgan bo‘lishsa-da, Chempionlar ligasida Krishtianu jamoa uchun qay daraja muhim figuraga aylanishini yaxshi bilishadi.

 

«Yuve» Portugaliyadagi o‘yinda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgach, raqiblar bosh murabbiyi Serjiu Konseysau jamoasining 3:0 hisobida yutish mumkin bo‘lgan bahsda bitta to‘p o‘tkazib yuborganidan jig‘ibiyron bo‘lgandi. Pirlo esa minimal farqni yo‘qotish uchun Turinda «jang» bo‘lishi haqida gapirgan.

Krishtianu Ronaldu «Portu» to‘sig‘idan o‘tib, chorakfinalga yo‘llanma olsa, Iker Kasilyasning turnirdagi o‘yinlar soni bo‘yicha tarixiy rekordini takrorlaydi (177 o‘yin). «Yuventus» yo‘llanmadan quruq qolgan taqdirda, Ronaldu ispaniyalik darvozabonning rekordini yangilashi uchun YeChLning keyingi mavsumini kutishiga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, Ronaldu nafaqat chorakfinal yo‘llanmasi, balki navbatdagi rekordni yangilash uchun ham kecha qahramoni bo‘lishga intilishi aniq.

 YeChL. 1/8 final. Javob uchrashuvi

9 mart (seshanba)

«Yuventus» - «Portu»

Turin, «Alyans-Arena»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: UzReportTV

«Yuventus»: Shensni; Kuadrado, Bonuchchi, de Lixt, Aleks Sandro; Keza, Rabo, Artur, Remzi; Morata, Ronaldu

O‘ynamaydi: Dibala (jarohat), Bentankur (jarohat), Danilo (diskvalifikatsiya)

So‘roq ostida: Kellini (jarohat), Artur (jarohat).

«Portu»: Marchesin; Manafa, Pepe, Mbemba, Zaydu; Serjiu Oliveyra, Uribe, Otavio, Korona; Marega, Toremiy

So‘roq ostida: Pepe (jarohat)

«Sevilya» Holandga qarshi

«Sevilya»ga qarshi Andalusiyadagi dastlabki bahsda Holand dublga erishib, «Borussiya»ning 3:2 hisobidagi g‘alabasini ta'minlagach, Marca nashri norvegiyalik 20 yoshli goleadorni «tutqichbermas maxluq»qa qiyoslagandi. Ushbu dubl evaziga Holand 8ta gol bilan turnirdagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi.

Uch hafta avval dastlabki bahslar o‘tgan sanada Ronaldudan oqshom qahramonligini tortib olgan Holand bu kecha ham Krishtianuni soyasida qoldirish imkoniyatiga ega. Har holda Lopetegi jamoasi Dortmunddan uchragan mag‘lubiyatdan keyin hali o‘ziga kelgan emas. «Sevilya» o‘sha bahsdan so‘ng 4 o‘yinda 3 marta mag‘lubiyatga uchradi. Oxirgi bahsda «Elche»ga mag‘lub bo‘lgan andalusiyaliklarning Dortmundda kambek amalga oshirishiga ishonish qiyin. Holand esa so‘nggi o‘yinda «Bavariya» darvozasini ikki marta ishg‘ol etib, ajoyib formada ekanligini ko‘rsatishda davom etmoqda.

YeChL. 1/8 final. Javob uchrashuvi

9 mart (seshanba)

«Borussiya» Dortmund - «Sevilya»

Dortmund, «Signal Iduna Park»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV

«Borussiya»: Xits; Mene, Jan, Hummels, Shuls; Dileyni; Bellingem, Daud; Roys, Azar; Holand

O‘ynamaydi: Akanji (jarohat), Sancho (jarohat), Shmelser (jarohat), Vitsel (jarohat).

So‘roq ostida: Gerreyru (jarohat), Reyna (jarohat)

«Sevilya»: Bunu; Navas, Kunde, Karlos, Akunya; Xordan, Fernando; Okampos, Rakitich, Gomes; An-Nosiriy

O‘ynamaydi: Vidal (jarohat).

Mavzuga oid
Top