17:14 / 09.03.2021
7631

«Tibbiyot dunyosi» klinikasi rahbari Aslam Bo‘riyev Kun.uz’da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi

«Menga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi harakatlarimda jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli yurituvdan tugatilgan. Singapurlik tadbirkorning «Tibbiyot dunyosi» MChJga nisbatan da'vo arizasi esa barcha sud instansiyalarida rad etilgan», deydi klinika rahbari Aslam Bo‘riyev.

Toshkent xalqaro aeroportida koronavirusga qarshi test tahlillarini olish huquqi «Tibbiyot dunyosi» MChJga berilgani haqidagi maqolada keltirilgan ayrim faktlarga nisbatan klinika rahbari va ta'sischisi Aslam Bo‘riyev o‘zining munosabatini bildirdi. Shuningdek, A.Bo‘riyev singapurlik tadbirkor bilan bog‘liq munosabatlariga doir qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Ta'kidlashni istar edimki, maqolada to‘liq bo‘lmagan ma'lumotning berilishi men va men asos solgan «Tibbiyot dunyosi» MChJga nisbatan fuqarolarda turli shubha va gumonlar uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Shu bois maqolada yodga olingan ayrim holatlarning yakuni nima bilan tugaganini aytib berishga qaror qildim», deydi Aslam Bo‘riyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. 

«Haqiqatan ham «Tibbiyot dunyosi» MChJning Singapur davlatida joylashgan «PROFIL TRADING RTe LTD» kompaniyasi o‘rtasida o‘ziga yarasha kelishmovchilik va nizolar bo‘lgan.  

Jumladan, O‘zbekistonda joylashgan «PROFIL ENTERPRISE» chet el ishtirokidagi MChJ rahbari, hindistonlik Mohamed Ali Prem Nazir 2017 yildan boshlab respublika bosh prokurori va boshqa idoralarga shikoyatlar yo‘llab, unda Singapurning «PROFIL TRADING PTE LTD» kompaniyasi hamda «Tibbiyot dunyosi» MChJ o‘rtasida 2015 yil 23 iyunda imzolangan qiymati 1 097 580 AQSh dollariga teng import shartnomasiga ko‘ra «PROFIL TRADING PTE LTD» kompaniyasi Hindistonda ishlab chiqarilgan «Gepatit-B» virusiga qarshi vaksinani O‘zbekistonga yetkazib berishi ko‘zda tutilgani, kompaniya shartnoma talablarini bajargan bo‘lsa-da, «Tibbiyot dunyosi» MChJ import qilingan vaksinalar uchun mablag‘larni to‘lab bermaganini bildirgan.

 Ushbu murojaatlar Chilonzor tumani prokuraturasi, Toshkent shahar hamda Bosh prokuraturalarda mazmunan ko‘rib chiqilib, mening harakatlarimda jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli, Prem Nazirga holat yuzasidan iqtisodiy sudlarga murojaat etish huquqi tushuntirilgan.

Ammo, Prem Nazir nizo bo‘yicha sudga murojaat etmay, chet elda ro‘yxatdan o‘tgan sayt orqali 2018 yil 3 may kuni «Missiya ne vypolnima: indiyskiy investor ne mojyet vernut dengi v Uzbekistane» sarlavhasi ostida maqola e'lon qildirgan. Ushbu maqola e'lon qilinishi ortidan menga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur jinoiy ish mening harakatlarimda jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli, 2019 yil 9 oktyabr kuni JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan ish yurituvdan tugatilgan.

Shundan keyin, Prem Nazir, O‘zbekistondagi «PROFIL ENTERPRISE» MChJ hamda Singapurdagi «PROFIL TRADING RTe LTD» kompaniyalari nomidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritgan. Uning da'vo talablari barcha sud instansiyalarida rad etilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atining 2020 yil 12 noyabrdagi qarori bilan da'vogar Prem Nazirning barcha talablari asosciz bo‘lganligi, shuningdek, uning sudlarga murojaat etish huquqi bo‘lmaganligi sababli rad etilib, yakuniy qaror qabul qilingan.

Shunga qaramay, P.Nazir mening sha'nim va qadr-qimmatimga putur yetkazuvchi ma'lumotlarni tarqatib, tuhmat qilgani uchun uning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilganman, hozirda surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda», deydi «Tibbiyot dunyosi» MChJ rahbari Aslam Bo‘riyev.

Top