21:14 / 09.03.2021
5345
Tovar-xomashyo birjasida ikki oyda 763,9 milliard so‘mlik davlat xaridlari bitimlari tuzildi 

Joriy yilning o‘tgan ikki oyi mobaynida Tovar-xomashyo birjasida davlat xaridlari bo‘yicha 100 mingdan ortiq bitim imzolandi. Savdolarning katta hajmi elektron auksion va do‘konda amalga oshirildi.

2021 yilning yanvar-fevral oylarida davlat xaridlarining maxsus axborot portalida 763 milliard 900 million so‘mlik 117 mingdan ziyod bitim tuzildi. Bu haqda 9 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davri bilan solishtirganda tuzilgan bitimlar soni jihatdan 26,5 foizga, qiymati bo‘yicha 70,5 foizga o‘sgan.

Davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining mablag‘lari tejalishi 2020 yilga nisbatan 47,1 foizga o‘sib, 153 milliard 900 million so‘mni tashkil qilgan.

Savdolarning katta hajmi elektron auksion (52 foiz) va elektron do‘kon (20 foiz)da amalga oshirilgan. Xususan, elektron tanlov va tenderlarning hajmi 127 milliard 600 million so‘mni, pul mablag‘larining tejalishi 7 milliard 800 million so‘mni tashkil etgan.

Ma'lum qilinishicha, buyurtmachilar va yetkazib beruvchilarning elektron davlat xaridlarida ishtirok etishini yengillashtirish maqsadida Tovar-xomashyo birjasi tomonidan davlat xaridlari bo‘yicha yangi yagona portal – xarid.uzex.uz ishga tushirildi. Davlat xaridlarining barcha shakllari, jumladan, elektron auksion va do‘kon, tanlov va tenderlar mazkur portalga birlashtirildi. Ayni paytda 100 ming nafardan ortiq tadbirkor mazkur platformada ro‘yxatdan o‘tgan.

Avvalroq, 2020 yilda davlat budjetidan eng ko‘p xaridlar amalga oshirgan sohalar ma'lum qilingandi. Unga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasi davlat buyurtmachisi sifatida 6 trillion 709 milliard 800 million so‘mlik xaridlarni amalga oshirgan. Bu eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, umumiy davlat buyurtmachilari tomonidan qayd etilgan xarajatlarning 15,7 foizini tashkil etgan.

Top