17:16 / 09.03.2021
26427
Vaksinatsiyaning «nojo‘ya ta'siri»: «Sputnik V» Slovakiya hukumatini parokanda qilish arafasida

Slovakiya bosh vaziri hukumatdagi hamkorlari bilan maslahatlashmasdan «Sputnik V» vaksinasini xarid qilish bo‘yicha qarori inqiroz keltirib chiqardi. Ayni damda hukmron koalitsiyani tarqatib yuborish xavfi bor, bosh vazir esa vaksinani Rossiyaga qaytarib yuborish haqida o‘ylamayapti.

Foto: Reuters

Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi Slovakiyada hukumat inqiroziga sabab bo‘lishi mumkin: bosh vazir Igor Matovichning hukmron koalitsiyadagi hamkorlar bilan maslahatlashmasdan Rossiya bilan ushbu vaksinani yetkazib berish bo‘yicha kelishib qo‘ygani hukumatni parokanda qilish arafasida.

Bosh vazir hazil sifatida vaksina uchun Rossiyaga Ukraina g‘arbidagi Zakarpate oblastini badal sifatida bermoqchiligini aytishi esa diplomatik nizo keltirib chiqardi va avval Slovakiya tashqi ishlar vazirligi, keyin hukumat uzr so‘rashga majbur bo‘ldi. Matovich esa vaksinani Rossiyaga qaytarmoqchi emas.

«Sputnik V»ning bemaslahat olinishi

«Sputnik V» vaksinasining mart oyi boshlarida Slovakiyaga yetib kelishi josuslar haqidagi filmlarni eslatib yuboradi. G‘ira-shira tongda bortiga vaksina yuklangan harbiy yuk samolyoti Koshitse shahri aeroportiga kelib qo‘ndi. Aeroportda samolyotni mamlakat bosh vaziri Igor Matovich va mahalliy OAV vakillari kutib olishdi.

Ichidagi «Sputnik V» deb yozilgan poddonlari bor samolyot fyuzelajining dum qismi yonida turgan holda Slovakiya bosh vaziri mamlakatga hozirgina Rossiyadan 200 ming dozada «Sputnik V» vaksinasi yetib kelganini e'lon qildi. Rasmiy Moskvaga «tezkor va o‘z vaqtida yetkazilgan» vaksina uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Matovich Rossiya qiyin kunlarda suyansa bo‘ladigan ishonchli hamkor ekanini isbotlaganini alohida ta'kidladi.

Hukumat raisi va hukmron «Oddiy odamlar va mustaqil shaxslar» partiyasi rahbarining bu chiqishi siyosiy rezonans keltirib chiqardi va to‘rt partiyadan iborat hukmron koalitsiyaning tarqab ketish xavfini yuzaga keltirdi. Mamlakat prezidenti Zuzana Chaputova va Matovichning koalitsiya bo‘yicha hamkorlari bosh vazirni ular bilan maslahatlashmasdan, Yevroittifoq va NATOga a'zo mamlakat bo‘la turib va hali Yevroittifoq hududida ro‘yxatdan o‘tmagan preparat uchun Moskvadan 2 million dozada vaksina sotib olishga ahdlashganini tanqid qilishdi.

Ushbu matbuot anjumanidan bir necha soat o‘tib, Slovakiya bosh vaziri o‘rinbosari – «Xalq uchun» koalitsion partiyasi yetakchisi Veronika Remishova Matovichning aytganlarini absurd deb atadi va koalitsiyadan chiqib ketishni istisno qilmadi. Uning partiyadoshi, Yevropa siyosiy qo‘mitasi raisi Tomas Valashek esa koalitsiyadan chiqishini ma'lum qildi.

«Harbiy samolyotda sirli parvozlar. Sinalmagan vaksina. Putinga yaqin sirli o‘rtakash. Bosh vazir yevropalik hamkorlarga tupurdi», deb yozadi Valashek feysbukdagi sahifasida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Slovakiya Vengriyadan keyingi «sharmisorlik zaliga kirgan» ikkinchi davlat bo‘ldi. Vengriya «Sputnik V»ni tasdiqdan o‘tkazgan va sotib olgan Yevroittifoqdagi ilk davlat bo‘lgan edi.

Ukraina bilan diplomatik nizo

Mamlakatdagi siyosiy inqirozdan bir necha kun o‘tib, Ukraina bilan diplomatik nizo sodir bo‘ldi – asosiy figurant yana Slovakiya bosh vaziri. 3 mart kuni Radio Express’ga bergan intervyusida boshlovchining savollariga javob berar ekan, hazil aralash Rossiyaga vaksina uchun «Ukraina Karpati»ni va'da qildi. U darhol hech narsa va'da qilmagani va Rossiya ham hech narsa so‘ramaganini qo‘shimcha qildi. Biroq bosh vazirning o‘xshamagan hazili rasmiy Kiyevning g‘azabini qo‘zg‘adi.

Ukraina TIV nota jo‘natib, Matovichning so‘zlarini qoraladi va «motiv, janr va kontekstdan qat'i nazar Slovakiya hukumatining rahbarining gaplari Ukrainaning hududiy yaxlitligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxl qilishi hamda mutlaqo nomaqbul ekani va ukrain-slovak munosabatlarining do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik atmosferasiga putur yetkazishi»ni ma'lum qildi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa Slovakiyaga Rossiya vaksinasi uchun o‘z regionlaridan birini berishni taklif qildi. «O‘zining nodurust gaplari bilan Ukraina va Slovakiya o‘rtasidagi favqulodda do‘stona va samimiy munosabatlarga raxna solishi judayam qayg‘uli», deb yozgan Kuleba Tvitterda.

Bosh vazirning noo‘rin so‘zlari uchun Slovakiya tashqi ishlar vaziri Ivan Korchok uzr so‘radi. Keyinroq Matovichning o‘zi ham beo‘xshov hazili uchun kechirim so‘rab chiqdi. «Ukrainaning yaxlitligi borasida Slovakiyaning pozitsiyasi doim aniq bo‘lgan. Xalqaro huquqni hurmat qilishga majburmiz. Barcha ukrainaliklardan ularning adolatli urinishlarini yerga urishi mumkin bo‘lgan o‘rinsiz reaksiyam uchun uzr so‘rayman», degan u.

Slovakiya Rossiya vaksinasidan voz kechmaydi

Slovakiya Vazirlar Mahkamasi Rossiya vaksinasini sotib olishni muhokama qildi. Tashqi ishlar vaziri Ivan Korchok «Sputnik V» vaksinasini gibrid urush quroli deb atadi. «U bizni uyimizda xonavayron qiladi, Yevropa Ittifoqida ham xonavayron qiladi», deydi Slovakiya TIV rahbari.

Slovakiya iqtisodiyot vaziri, «Erkinlik va birdamlik» partiyasi yetakchisi Rivard Sulik Vazirlar Mahkamasi tarkibini almashtirishni taklif qildi, aks holda hukumat o‘z ishini davom ettira olmaydi.

Denník N gazetasiga bergan intervyusida Sulik yanada keskinroq gapirgan: u bosh vazir Matovichni «qizil chiziq»ni bosish va gardaniga yuklatilgan vazifani uddalay olmaganlikda aybladi.

«Biz bunday ruhda davom eta olmaymiz. Biz pandemiya bilan kurasha olmasligimiz ayon. Bosh vazir deyarli barchani o‘ziga qarshi qayrab qo‘ydi: OAVni ham, prezidentni ham, koalitsiyadagi hamkorlarni ham va albatta jamiyatni ham», deya Sulikdan iqtibos keltiradi Bloomberg agentligi.

O‘ziga nisbatan bo‘layotgan tanqidlar bo‘roniga qaramay Igor Matovich ishlab chiqaruvchi taklif qilganiga binoan vaksinani Rossiyaga qaytarib yuborishni o‘ylayotgani yo‘q. «Sputnik Rossiyaga uchmaydi va Slovakiyadagi odamlar hayotini qutqaradi. Rostini aytganda, men hech qachon qaytarib yuborishga yo‘l qo‘ymasdim. Hech qachon!» deya yozgan bosh vazir feysbukdagi sahifasida.

Slovakiya hududida britancha shtamm shitob bilan tarqalmoqda

U shuningdek, «gibrid urush instrumenti», «Rossiyaning geosiyosiy quroli» va boshqa «sharmisorlik zali» kabi «qichqiriqlar» Moskva vaksinani hech qanday sanksiyalarsiz qaytarib olishga tayyor ekanini bildirganidan so‘ng tinib qolganini qistirib o‘tdi. Matovich Slovakiya «Yevropa Ittifoqining ajralmas qismi» bo‘lib qolishini ta'kidlab, «Rossiyada ishlab chiqarilgani uchungina odamlar himoyasi uchun sifatli vaksinadan voz kechilmasligini ta'kidlagan. «Men qotil emasman», deya gapiga yakun yasagan u.

Hozirda Slovakiya hududida koronavirusning britancha shtammi juda keng tarqalib boryapti. Fevral oyi o‘rtalarida musbat chiqqan testlarning 71 foizini aynan shu shtamm tashkil qilgan. O‘shanda Polsha, Vengriya, Chexiya va Slovakiya Yevroittifoqqa murojaat qilib, iloji boricha ko‘proq vaksina yetkazib berilishi va Yevropada boshqa preparatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni tezlashtirishni so‘ragandi. Sanalgan preparatlar orasida «Sputnik V» ham bor edi.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham bu borada chiqish qilgan. «Vaksina G‘arbniki yo Sharqniki bo‘lmaydi, faqat samardori yo samarsizi bo‘ladi», deb bayonot bergandi u.

Igor Matovich uni qo‘llab-quvvatlab «salomatlik va insonlarni himoya qilish geosiyosat bilan bog‘liq bo‘lmasligi kerakligi hamda virus G‘arb yo Sharqqa qarab tanlab o‘tirmasligi»ni aytgandi.

Matovich umumevropa muammosiga aylandimi?

Slovakiyada hukumatdagi koalitsiya tarqab ketish xavfi hanuz saqlanib qolmoqda. Agar koalitsiyadan bir partiya chiqib ketsa parlamentdagi ustunlik saqlab qolinadi. Ikki partiya chiqib ketgan taqdirda, ustunlik boy beriladi. Qolgan ikki partiya mamlakat prezidenti, o‘zining mulohazakorligi va vazminligi bilan tanilgan, Slovakiyadagi eng muhtaram siyosatchi Zuzana Chaputovaga yordam so‘rab murojaat qilishdi. Katta ehtimol bilan u koalitsiyadagi hamkorlarni kelishtirishga urinib ko‘radi.

Biroq koalitsiyaning butunlay tarqab ketish ehtimoli ham yo‘q emas: Matovich kutilmagan bayonoti va ishlari bilan parlament a'zolarining aksarini o‘ziga qarshi qilib qo‘ydi. Yaqindagina Matovich feysbukka iqtisodiyot vaziri Richard Sulikni jurnalist-tadqiqotchi Yan Kutsiyakning qotilligida ayblab post qo‘ygandi. Post shunchalik mantiqsiz ediki, uni hatto Kutsiyakning otasi ham rad etib chiqdi.

Bosh vazirning bayonotlari hatto partiyadoshlarini ham g‘azablantirmoqda. Sobiq tennischi, hozirda Matovich bilan partiyadosh bo‘lgan Yan Kroshlak feysbukda «Matovichning hurmatsizlarcha, fitna qo‘zg‘ovchi va bolalarcha bergan bayonotlari»ni va «uning o‘zgalarga qaratilgan haqoratomuz hujumlari, xatti-harakatlari va agressiv boshqaruv usuli»ni tanqid qilgan. «Ko‘zguga qarab qo‘yish mavridi keldi, janob bosh vazir. Men tushuntirish beraverish va erkin bir odamni himoya qilaverishdan charchadim», deya so‘zlariga yakun yasagan Kroshlak.

Ko‘plab kuzatuvchilar Matovichni Slovakiyadagi falokat, mamlakat uchun ham, Yevropa birligi uchun ham xavf deb hisoblamoqdalar. «Bir necha kun avvalgina Matovich o‘zini slovak muammosi sifatida namoyon qilgan bo‘lsa, «Sputnik V» vaksinasini sotib olib, u umumevropa muammosiga aylandi», deydi publitsist va yozuvchi Mixail Xvoretskiy.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top