18:02 / 10.03.2021
14050

Andijondan Mo‘ynoqqacha piyoda: Yayov yurt kezayotgan ikki azamat bilan suhbat

Buxoroga uyushtirgan xizmat safaridan qaytayotganimizda Samarqand viloyati Narpay tumanida, Navoiy viloyati tomon piyoda ketayotgan ikki sportchini uchratdik.

Sirdaryolik ikki yigit – Eldor Jo‘rayev va To‘lqin Usmonov O‘zbekistonda sportga, shu jumladan piyoda yurishga bo‘lgan qiziqishni ommalashtirish niyatida Andijondan Qoraqalpog‘iston tomon yo‘lga chiqishgan.

Ular, shuningdek, hamyurtlar orasida vatanparvarlik hissini targ‘ib qilish, O‘zbekiston timsoli – davlat bayrog‘iga bo‘lgan hurmatni kuchaytirishni ham maqsad qilishgan.

Suhbatimiz davomida (batafsil  – videoda) Eldor Jo‘rayev Muhammad Yusuf va Botir Ergashev qalamlariga mansub she'rlardan parchalar ham aytib berdi..

15 fevral kuni Andijon viloyatidan yo‘lga chiqqan sportchilar 8 mart kuniga qadar Andijon, Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining o‘ndan ortiq tumanlarini, qolaversa poytaxtni ham ortda qoldirishdi.

Ular 21 martgacha Qoraqalpog‘iston hududiga yetib borishni maqsad qilishgan. Oxirgi manzil esa respublikaning Mo‘ynoq shahri bo‘ladi.

Ikki yo‘ldosh ushbu yurish aksiyasini qo‘llab-quvvatlayotgan vatandoshlarga, uni tashkillashtirishda amaliy yordam berib kelayotgan Jismoniy tarbiya va sport, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Sirdaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligini izhor qilib qolishdi.

Biz sportchilarga inson irodasini pishitadigan intilishlarida omad tilab, xayrlashdik. Tilagimiz shuki, bu kabi yurishlar viloyatlar orasida bo‘lmasa-da, jilla qursa tumanlar va qishloqlar o‘rtasida ommalashsin, o‘zbekistonliklar sog‘lom turmush tarzini hayotlarining asosiy shiorlaridan biriga aylantirishsin.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri.

Top