07:49 / 10.03.2021
3700
Daraxt kesgan fuqarodan pora talab qilgan ekologiya xodimi ushlandi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani “Tumor” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi A.A. Jizzax viloyati Zarbdor tumani ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, undan pora talab qilishayotganligini bildirgan. 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hammasi A.A.ning Zarbdor tumanidagi “Toshkesgan” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan bir nechta daraxtlarni kesishidan boshlandi. 

Qayd etilishicha, bundan xabar topgan tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimi xodimlari S.T. va M.O. qonunbuzarga chora ko‘rmaslik evaziga 2 million so‘m pora so‘rashgan.

A.A.ning arizasi asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etildi. Natijada 1 million so‘m pora olgan S.T. ushlandi. 

Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deyiladi ma'lumotda.

Top