17:18 / 10.03.2021
9782
Gvardiola g‘alabali seriya, Manchesterda qolayotgani, Dias va Foden hamda YeChL haqida
Foto: Getty Images

Sobiq futbolchi Rio Ferdinand BT Sport uchun juda qiziqarli intervyular uyushtiradi. Uning navbatdagi mehmoni «Manchester Siti»ni ushbu mavsumda og‘ir davrdan olib chiqib, 22 o‘yindan iborat g‘alabali seriyani amalga oshirgan va deyarli Angliya chempioniga aylantirgan Pep Gvardiola bo‘ldi. Pepning fikrlari uning maydondagi sxemalari kabi murakkab bo‘lmasa-da, juda qiziq chiqdi. 

Asosiy burilish nuqtasi – xotirjamlik

«Manchester Siti»ning g‘alabali seriyasi «Tottenhem»dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan (0:2) so‘ng boshlangandi.

«O‘sha kuni biz nimadir noto‘g‘ri ketayotganini angladik. O‘zgarishga harakat qildik, endi raqib jarima maydoniga ko‘proq futbolchi jo‘nata boshladim. Aslini olganda, burilish nuqtasi «Vest Bromvich»ga qarshi o‘yin (1:1) bo‘lgandi. O‘sha o‘yinda biz yutishimiz mumkin edi, ammo uchrashuv tugagach, men shtabdagilarga jamoa o‘yini yoqmaganini aytdim. Gap natijada emas, men uslubimizni tanimay qolgandim. 

Biz avval haddan tashqari ko‘p yugurar, ammo kerakli pozitsiyani to‘ldira olmayotgandik. To‘p bilan nima qilishni bilmasdik, ortiqcha harakatlar ko‘p edi. Bizning kuchimiz shunda bo‘lishi kerakki, to‘pga egalik qilgan futbolchi sheriklarining qayerda ekanini bilishi kerak. Biz hammasini tez amalga oshirishga urinardik, aslida futbolda pauzalar ham juda muhim. Ritmni nazorat qilish lozim, zero uni ilojsizlikka qadar ko‘tarib bo‘lmaydi.

Oqibatda, o‘zligimizga qaytishni boshladik: vingerlar yuqoriroqda o‘ynab, hujum kengligini ta'minlaydilar, markazda nazorat kuchayadi. To‘psiz yovvoyi tezlikda yugurish mumkin, ammo to‘pni nazorat qilayotganda, xotirjamroq bo‘lish, ko‘proq uzatmalarni amalga oshirishni talab qildim. Ko‘proq natija haqida emas, maydonda qanday o‘ynash haqida bosh qotirishni so‘radim. Xuddi David Silva davridagi kabi, o‘yinlarimiz biroz xotirjamroq torta boshladi. Shu tariqa, o‘yindan o‘yinga g‘alaba qozonib, ishonchni orttirdik».

Kanselu yarim himoyada

«Siti»ning muvaffaqiyatli seriyasini ko‘proq Joau Kanseluning yangi pozitsiyasi bilan ham bog‘lashdi. Portugaliyalik futbolchi «aldamchi fulbek»ka aylandi. Pepning aytishicha, bu aslida yangilik emas, u «Bavariya»da ham, Manchesterda ham ko‘p marta bunday uslubga murojaat qilgan.

«Biz bunday vazifani o‘z vaqtida Delfga ham topshirganmiz, Zinchenko bilan ham o‘ynalgan. Bu shunchaki, yaxshi pas bera oladigan futbolchi raqib uchun kutilmagan nuqtalarda paydo bo‘lishidir. Joau – ajoyib futbolchi, u buni epladi. «Vest Hem» bilan o‘yinda Aleks (Zinchenko) ham shunday pozitsiyada o‘ynadi. Hammasi raqib va shogirdlarimning holatiga bog‘liq».

Ruben Diash hammani o‘zgartirdi

«Manchester Siti»ning o‘sib borishida katta ahamiyat kasb etgan yana bir jihatni bemalol oddiy muxlis ham payqashi mumkin – himoya. Jamoa APL o‘yinlarida atigi 17 marta gol o‘tkazib yuborgan, g‘alaba seriyasi paytida esa, barcha musobaqalarda atigi 7ta.

«Himoya chizig‘i butun jamoaga ishonch beradi. Hujumchilar doim orqada kuchli darvozabon va himoyachilar turganini his qilsa, ancha ishonchli harakat qilishadi. Aslida biz hech narsani o‘zgartirganimiz yo‘q, farqi, biz xato qilmay qo‘ydik. Albatta, raqib juda yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, gol urishi mumkin, qoyil, lekin o‘zimiz ularga gol sovg‘a qilmay qo‘ydik.

Ayniqsa, Ruben Diashning kelishi katta ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Bu transfer Jon Stounzning o‘yinini ham yaxshiladi. Ruben shunday futbolchiki, butun himoyani boshqara oladi. Ham o‘zi to‘g‘ri qarorlar qabul qiladi, ham boshqalarga yordam beradi. Faqat o‘z vazifasi haqida emas, umuman, sheriklari haqida ham qayg‘uradi».

Nega Manchesterda qolayotgani haqida

O‘tgan yilning noyabrida Pep «Manchester Siti» bilan 2023 yilgacha amal qiluvchi yangi shartnomaga imzo chekdi. Ha, murabbiy uchun Angliyadagi faoliyati eng uzoq davom etgan davr, hatto Barselonadagidan ham. Pep nega aynan Manchesterda uzoqroq qolayotgani haqida ham fikr yuritdi.

«Barselonada men baxtli edim, «Bavariya»da ham hammasi yoqqan. Lekin Angliyada o‘tgan 4-5 yilga qarasam, shunchaki, o‘zimni yaxshiroq his qilyapman. Faqat hozir emas, o‘tgan mavsumda ham, biz hech narsa yutmaganimizda ham muammo yo‘q edi.

G‘alaba qozongan onlarimizda baxtlimiz. Yutqazsak, o‘zimizga nega bunday bo‘lgani haqida savol beramiz. Boshqa klublarda, ayniqsa, Ispaniyada senga natijalarga qarab baho berishadi. Tabiiyki, bu yerda ham shunday, lekin bu yerda «yutsang zo‘rsan, yutqazsang, yomonsan» deyishmaydi. Mendan bundan keyin yaxshiroq o‘ynash uchun nima qilish mumkinligi haqida so‘rashadi.

Murabbiy – jamoadagi eng nozik pozitsiya. Buni hamma biladi. Ammo bu yerda rahbariyat tomonidan ishonchni ham, qo‘llab-quvvatlashni ham sezib turaman. Qarorlar qabul qilishda ancha erkinlikka egaman, bosim xalaqit qilmaydi.

Barselonada, Myunxenda ham baxtli edim, lekin doim Angliyada, Shekspir, Bitlz va Oasis yurtida ishlashni orzu qilganman».

Chempion Ligasi – boshqacha musobaqa

Ha, Pep uchun bu juda og‘riqli nuqta va uning o‘zi buni tushunadi. Murabbiy Rioga bu turnirning o‘ziga xosligi haqida tushuntirdi.

«Albatta, bu yerda men ushbu turnir borasida bosimni his qilaman. Agar Chempionlar Ligasining eng oxirgi bosqichlariga yetib bora olmasam, tushunamanki, men aynan shu vazifani bajara olmagan bo‘lib chiqaman. Buni qabul qilaman. Lekin ko‘pincha, gap faqat sovrinlarda bo‘lmaydi, yaxshiroq o‘ynash, jamoaga yangi, ijobiy turtkilar berish, cho‘qqida imkon qadar uzoqroq qolish muhimroq.

Biz ajoyib to‘rt mavsum o‘tkazdik. O‘tgan yil ham yomon emasdik, lekin 99 ochko to‘play olgan yanada kuchliroq raqibga duch keldik. Ammo Liga kubogi va Angliya Kubogida yomon o‘ynamadik. Umid qilamanki, ushbu mavsumda yoki kelasi yili Yevropa maydonlarida ham o‘zimizni ko‘rsatamiz.

Chempionlar Ligasida doim nimadir yetishmaydi: ozgina santimetrlar, bir necha metrdan ochiq darvozani nishonga ola bilmaslik. «Manchester Yunayted» 1999 yilda Chempionlar Ligasini yutganda men ham «Kamp Nou»da edim. Hisob 0:1 bo‘lib turganda, ikki daqiqada ikki gol bo‘ldi. Bu ajoyib g‘alaba, lekin tahlil qilish juda qiyin. Chempionlar Ligasida bunday holatlar ko‘p bo‘ladi va doim buni e'tiborga olish kerak. Sen yetarlicha kuchli bo‘lmasliging ham mumkin yoki ba'zida shunchaki, omad sendan yuz o‘giradi».

Maydon chetidagi «tentak»

Maydon chetidagi Gvardiola APLdagi eng hissiyotli murabbiylardan biridir.

«Mag‘lubiyatga uchrayotgan paytlarimda, rostan ham juda qo‘rqinchli bo‘lib ketaman. Umid qilamanki, bir necha yil o‘tib, Karlo Anchelotti yoki Roy Hojsonlarning yoshiga yetganimda, men ham ancha xotirjamroq bo‘laman.

O‘zimga ham bu yoqavermaydi, juda ko‘p marta shogirdlarimdan uzr so‘raganman. Lekin bu mening hissiyotlarim, agar nimadir yoqmasa, buni yetkazib berish uslubim. Hammayam odam, ba'zida bo‘shashish, o‘zini qo‘yib yuborishi mumkin, lekin mening jamoamda hech qachon bunday bo‘lmasligi kerak. O‘zimni ko‘rsatish uchun qilmayman, bu mening xarakterim.

Men shunchaki, bu o‘yinni yaxshi ko‘raman. O‘yin tugashi bilan shogirdlarimga nimanidir tushuntirayotganim ko‘pchilikning kulgisiga ham sabab bo‘lgan. Lekin ba'zida o‘sha pallada, futbolchi barchasini eslab turganida gaplashish oson. Odatda, hammasini ertasiga muhokama qilamiz. Shunisi muhimki, futbolchilar buni jazo sifatida qabul qilmasliklari lozim. Ammo hozir shunaqa davrki, hamma g‘alaba qozonishga chanqoq: buyuk sportchi sovrin yutishi bilan dushga kirib, keyingi g‘alabalar haqida o‘ylay boshlashi shart».

Fil Foden haqida

Rio Pepdan «Siti»ning asosiy iqtidorli tarbiyalanuvchisi Fil Foden haqida ham so‘radi. Bir paytlar, studiyalardan birida Ferdinand Fodenga ko‘proq maydonga tushish uchun boshqa jamoaga ijaraga ketishni maslahat bergandi. Fil Manchesterda qoldi va ajoyib mavsum o‘tkazmoqda.

«Foden senga o‘xshagan mutaxassislarga kamroq quloq solishi kerak, Rio. U ko‘proq o‘z ustida ishlab, nimalarni yaxshilashi mumkinligi haqida bosh qotirishi foydaliroq. U megaiqtidorli futbolchi, lekin haliyam faqat bir ritmda o‘ynaydi. U maydonda juda tezkor, portlay oladi, lekin ba'zida xotirjamlik ham katta yordam beradi. Qachonki u, turli ritmlarni o‘zida jamlay olsa, katta futbolchi bo‘lib yetishadi.

U hozir ham individual mahorati yordamida ko‘p foyda keltirishi mumkin. Lekin u o‘yinni his qilishni, tushunishni o‘rganishi kerak. Gap Foden bu ishni qila olmasligida emas, shunchaki, u endigina 20 yoshda. Har qanday futbolchi 28 yoshida 20 yoshidagidan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi».

YeChL finali va Messining bosh bilan urgan goli haqida

Suhbatning eng qiziqarli joyi oxirida, Rio 2008/09 yilgi mavsumdagi YeChL finalini eslaganida bo‘ldi. O‘shanda Pepning «Barselona»si Rio Ferdinand to‘p surgan «Manchester Yunayted» ustidan g‘alaba qozongandi. Gvardiola suhbatdoshiga biroz hazil qildi.

«Men Messiga «uzoq ustunga bor, u yerda Rio to‘p suradi, oson bo‘ladi» degandim. Aslini olganda, bizning biroz omadimiz kelgandi. Dastlabki 15 daqiqada hisob 0:2 ko‘rinishiga aylanishi ham hech gap emasdi. Krishtianu jarima zarbasini juda xavfli ijro etgan. Men uchun o‘sha finallarda «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘ynash sharaf edi. G‘alaba qozonganimiz esa, tabiiyki, yorqin xotira sifatida qolgan».

Top