00:11 / 10.03.2021
13667

«Imtiyozlar faqat QQS to‘lovchilar uchun» - Chorvachilikka oid yangi qaror yuzasidan tushuntirish berildi

Prezident qarori bilan, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga subsidiyalar ajratish boshlanadi. Ushbu subsidiyalar qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilar uchun amal qiladi.

9 mart kuni AOKAda prezidentning chorvachilik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qarori yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, qarordagi eng muhim imtiyozlar sifatida quyidagilarni ko‘rish mumkin:

  • 1 kg tirik vazndagi go‘sht uchun 2000 so‘m, 1 kg sut uchun 200 so‘m;
  • 1 kg parranda go‘shti uchun 800 so‘m va 1 dona tuxumga 50 so‘m;
  • intensiv usulda yetishtirilgan 1 kg sovuq suv baliqlari (forel, losos va osyotr) uchun 3000 so‘m va boshqa turdagi baliqlar uchun 1000 so‘m miqdorida subsidiyalar berish joriy etiladi.

Bundan tashqari, chetdan keltiriladigan tovarlarga to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha bo‘lib to‘lash va to‘langandan so‘ng 20 kunda tadbirkorga qaytarib berish bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining 4 ta tumani – Kasbi, Nishon, Mirishkor va Koson chorvachilik sohasiga ixtisoslashtiriladi va yirik chorva komplekslari quriladi.

Qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha chetdan keltiriladigan tovarlar uchun QQS to‘lashni 180 kungacha uzaytirish va to‘langandan so‘ng 20 kunda tadbirkorlarga qoplab berish mexanizmini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.

Tadbirda Kun.uz muxbiri: «90 foizdan ortiq chorva hayvonlari aholi xonadonlarida yetishtiriladi. Qaror chorva yetishtiruvchi aholi vakillariga ham qandaydir imtiyozlar berishni ko‘zda tutadimi?» mazmunidagi savol bilan murojaat qildi.

«O‘zbekchorvanasl» agentligi boshqarma boshlig‘i Matyoqub Matyoqubovga ko‘ra, qaror va undagi imtiyozlar faqat QQS to‘lovchilar uchun amal qiladi.

«Qarorda imtiyozlar qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lovchi har bir shaxsga deb belgilangan. Qaror fermer xo‘jaliklariga va qisman aholiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazadi.

Masalan, shaxs dehqon xo‘jaligi bo‘lib, qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lab tursa, unga albatta subsidiya qaytarib beriladi. QQS to‘lamaydigan bo‘lsa, to‘lab berilmaydi», – dedi agentlik vakili.

Top