15:21 / 10.03.2021
3808

O‘zbekistonga 300 ming dollarlik ko‘chma diagnostika majmuasi keltirildi

Rossiya Federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga 300 ming dollarlik ko‘chma diagnostika majmuasi topshirildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Bu tadbir Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga OIV/OITSning oldini olish, nazorat qilish va texnik yordam ko‘rsatish dasturlari doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu ko‘chma diagnostika majmuasining yordami bilan respublikamizning chekka hududlarida yashovchi aholi yuqumli kasalliklarning belgilari, yuqish yo‘llari to‘g‘risida o‘z vaqtida ma'lumot olishlari mumkin.

«Ko‘chma diagnostika majmuasi diagnostika protseduralari, test sinovlari, shuningdek, tibbiy ko‘rik, profilaktika ko‘rigidan o‘tkazish va respublikaning borish qiyin va chekka hududlarida yashovchi aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan.

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, ko‘chma diagnostika majmuasi instrumental, laboratoriya, funksional va ultratovush diagnostikasi uchun tibbiy uskunalar to‘plami bilan jihozlangan. Laboratoriya jihozlari, funksional diagnostika bilan jihozlanish mobil klinikalarni oflayn rejimda ishlatish va ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi. Mobil laboratoriyalarning mobil aloqa xizmatlarining yo‘nalishlaridan biri bu aholining zaif qatlamlarini OIV/OITS, gepatitni tekshirish va maslahat xizmatlariga kirishini ta'minlashdir», deyiladi xabarda.

Tadbirda Rossiya elchisi Vladimir Tyurdenev, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer, Rossiyaning «SPID Infosvyaz» jamg‘armasi direktori Yelena Perishkina, UNAIDS’ning mamlakatdagi vakolatxonasi menejyeri Charos Maqsudova hamda tegishli tashkilotlarning mutasaddi vakillari ishtirok etishgan va respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktoriga ko‘chma diagnostika majmuasi sertifikatlari va kalitlari topshirilgan.

 

Top