11:08 / 10.03.2021
18432
Uch asrni ko‘rgan onaxon: Buvaydalik Huvaydo aya hamon tetik

Uch asr bilan yuzlashgan Huvaydo momo haqida ikki yil avval ham yozgan edik. Balki, kimlardir bu orada momoning ziyoratiga ham borishga ulgurgandir. 126 bahorni qarshilayotgan onaxon hamon hayot.

8 mart bayrami arafasida Kun.uz ijodkorlari Huvaydo momo Umarovani yana bir bor ziyorat qilish uchun Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida bo‘ldi.

Momoning fuqarolik pasportida tug‘ilgan sanasi – 1895 yilning 1 yanvari deb qayd etilgan. Huvaydo onaning suhbatida bo‘lib, momoning xotirasi hamon tiniq, gaplari dadil ekanligiga amin bo‘ldik. U kishining o‘tgan davr xotiralari – kolxozlashtirish, quloqlashtirish, ikkinchi jahon urushi, ocharchilik davrlarini aniq eslab, gapirib berishlaridan hayratga tushdik. Yonimizda tarix jonlangandek edi go‘yo.

Momo biz bilan suhbatda o‘tgan asr boshidagi davlat to‘ntarishi, ocharchilik kunlari, Katta Farg‘ona kanali qazilishida qilingan mehnatlar, urush vaqtlarida 9 gektarlab g‘o‘za maydonlarini ayol boshi bilan tunni tongga ulab bir o‘zi sug‘organligi haqidagi voqealarni eslab, hikoya qilib berdi. 

«Hozirgi Farg‘ona kanalining qazilishida xotinlar ham, erkaklar ham birdek ishlagan. Kanalni hech kim qo‘li bilan kovlagan, demaydi. Keyin urush boshlandi. Kanalni qazishda ishtirok etgan zo‘r-zo‘r alp yigitlar urushga ketdi. Ko‘plari o‘sha yerlarning o‘zida qirilib ketdi. Yangiqo‘rg‘on avvallari cho‘l edi. Bu yerlarni tekislab, paxta joy qilganmiz. Bog‘ qilib yaratilishida ham mehnat qilganmiz. Bu yerlarni hozir ko‘rganlar  cho‘l bo‘lgan deb o‘ylamaydi», — deya xotirlaydi Huvaydo momo Umarova.

Momoning ta'kidlashicha, ularning avlodida bir asrdan ziyod yashaganlar ko‘p bo‘lgan: masalan, momoning otasi Toshmat ota 101 yoshga, tog‘asi Mullaqodir ota 130 yil yashagan bo‘lsa, ammasi Saydiniso ona 125 yil umr ko‘rgan.

Huvaydo momoning bildirishicha, birinchi ro‘zg‘oridan farzand bo‘lmagan. Ikkinchi ro‘zg‘oridan ko‘rgan ikki farzandi ham turli kasalliklarga chalinib vafot etgan.

Momo 1935 yili o‘g‘il farzand ko‘radi. Unga Hoshimjon deb ism qo‘yadi va onaxonning baxtiga Hoshimjon yashab ketadi. Uch qiz, to‘rt o‘g‘il – jami yetti nafar farzandni katta qilgan momoning hozirda 50 nafar nevara, 71 chevara, 50 dan ortiq evaralari bor.

Momo ayni kunlarda kenja o‘g‘li Husanboy bilan birgalikda istiqomat qiladi. Kenja kelin Diloromxon tun-u kun momo bilan birga.

Diloromxon Umarova biz bilan suhbatda xonadonga kelin bo‘lib tushganiga 40 yil bo‘lganini bildirib, momoning xizmatida bo‘lish uning uchun eng katta baxt ekanini ta'kidladi. Momoning eng katta o‘g‘il farzandi vafot etgan. Ulardan keyingi qiz farzandi hozirda 80 yoshdan oshgan, yana bir qizi esa bir kam sakson yoshga to‘layotgan bo‘lsa, kenja farzandidan oldingi o‘g‘li 70 yoshdan oshgan. Kichigi 60 yoshda.

«Onamning so‘zlarini eshitsam, o‘tirib yig‘lagim keladi. Onajon siz, Anbar otin, Bibixonimlardan, To‘marislardan qayeringiz kam, degim keladi. Boshidan o‘tganlarini, qilgan mehnatlarini gapirib berib o‘tirishadi. Onamni ne-ne joylardan odamlar ziyorat qilib keladi. Bayramlarda mahallamiz raislari, tuman hokimlari doimo xabar olib turadi. Shularga ham xursand bo‘laman. Borlariga shukur qilaman», — deydi kenja kelin Diloromxon Umarova.

Momo qadim eski laparlarimizning ham mohir ijrochisi. O‘g‘li Husanboy akaning aytishicha, momo xonadon ichida o‘zi qolgan vaqtlarida qo‘shiqlar xirgoyi qilib o‘tiradi. Iltimosimizga ko‘ra, Huvaydo ona bizga ham qo‘shiq xirgoyi qilib berdi.

Mahalla faollaridan biri Komiljon aka Rasulovning fikricha, mahallada to‘ylari bo‘layotgan yosh kelin-kuyovlar, albatta, momoning oldiga kelib, ularning duolarini olib ketishar ekan.

Biz Huvaydo onaning xonadoniga borgan kunimiz, kutilmaganda Buvayda tumani hokimi Begzodbek Ibragimov ham tuman mutasaddilari bilan birgalikda momoni 8 mart bayrami bilan tabriklagani kelib qoldi. Hokim O‘zbekistondagi eng keksa onaxonni bayram bilan tabriklar ekan, ushbu onaxon aynan Buvayda tumanida istiqomat qilishidan doimo faxrlanishini aytib o‘tdi.

Momoning ziyoratidan qaytar ekanmiz, xalqimizning «Qarisi bor uyning parisi bor», degan naqlini yana bir bor yodga oldik. Ketar chog‘imiz, momo duoga qo‘l ochar ekan umrlaring uzoq bo‘lsin, deya duo qildi. Biz ham momoga yanada ziyoda umr tilab, xayrlashdik.

Ma'lumot uchun: Huvaydo momo Umarova 2016 yilda prezident farmoniga ko‘ra «Shuhrat» medali bilan  taqdirlangan.

Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Shohuyor Qayumov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top