17:54 / 11.03.2021
16123

Oilada qiz farzandga nisbatan munosabat va ularning ta'lim huquqi. 8 martdan so‘ng

Doimgidek, 8 mart – xalqaro xotin-qizlar kunida ayolni e'zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish joizligi haqida gapirildi. Bayram o‘tdi va tan olib aytishimiz kerakki, jamiyatimizda xotin-qizlarni qiynayotgan masalalar hamon dolzarbligicha qolyapti.

INTELLEKT ruknining bu galgi soni xotin-qizlarning shaxs sifatida shakllanishi va rivojlanishi yo‘lidagi imkoniyat va to‘siqlarga bag‘ishlandi. Rukn mehmonlari – kinorejissyor Muxlisa Azizova, bloger Shahnoza Soatova va hokim o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan Durdona Rahimova.

«Eng muhimi, qizlarni o‘qitish va o‘z-o‘zini qadrlashni o‘rgatish»

Muxlisa Azizova, O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi raisi, rejissyor:

— Nazarimda, qizlarning hayotga bo‘lgan motivatsiyasi bolaligidan boshlanadi. Qiz uchun eng katta avtoritet bu – uning otasi. Ular kelajakda ham turmush o‘rtoq sifatida o‘z otasidek fe'l-atvorli insonni tanlashi psixologlar tomonidan isbotlangan. Ota qiz farzandning hayotida, uning ruhiyatida juda katta ahamiyatga ega.

Shu sababli qizlar va ayollar muammolari haqidagi aksariyat ijodiy ishlarimda otalarga katta urg‘u beraman. Otalar ayolini xo‘rlab, qizini erkalatsa va qizimga yaxshi tarbiya beryapman deb o‘ylasa, xato qiladi.

Muxlisa Azizova

Qizlarga o‘zligini, o‘z hissiyotlarini tanishni o‘rgatish kerak. Qiz bola, kelin doim jilmayib turishi kerak degan narsa – stereotip. Unga nimadir yoqmayotgan bo‘lsa-yu, u zohiran kulib tursa, bu narsa qachondir portlashga olib keladi.

Qizlarni o‘qitish shart. Ular shaxs sifatida shakllanganidan keyingina turmushga berish kerak. Chunki turmush qurdi degani hayoti yaxshi bo‘lishiga kafolat emas, ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonganimizda ham, oila qurayotgan qiz mustaqil va shakllangan shaxs bo‘lishiga e'tibor qilish kerak.

Kuzatuvlarga ko‘ra, har bir oilada muayyan payt krizis davri bo‘ladi. Ya'ni er-xotin o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘ladi. Ana shu krizisdan aynan shaxs sifatida shakllanib ulgurgan insonlar yaxshiroq o‘tib ketishadi. Bunda er va xotin o‘rtasidagi dialog muhim ahamiyatga ega.

«Biz xotin-qizlarning eng oddiy, elementar huquqlarini so‘rayapmiz»

Shahnoza Soatova, adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, bloger:

Shahnoza Soatova

— Bugungi kunda ayollarimizning huquqlari yetarli darajada ta'minlanmagani sababli ham bu masalani muhim deb bilaman.

Ayollarimizning ayniqsa ta'lim olish, o‘z hayotini o‘zi belgilash, ishlash huquqlari ko‘proq buzilyapti. Ish joyida ham aynan ayol bo‘lgani uchun kamsitishlar tez-tez uchraydi.

Shuning uchun ham 2019 yilda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida» va «Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida» 2 ta muhim qonun qabul qilindi. Bular – tarixiy qonunlar. Chunki biz mustaqil bo‘lganimizga qariyb 30 yil bo‘lgan bo‘lsa, bu qonunlarni endigina qabul qildik. Ya'ni xotin-qizlar huquqlari masalasiga davlat darajasida e'tibor qaratib, shu yerda muammolarimiz borligini tan olib, uni qonun darajasiga olib chiqdik.

Bugungi muammolar – xotin-qizlarning eng oddiy, elementar huquqlari. Oliy ta'limdagi talabalar orasida baribir yigitlar ko‘proq. Oilada o‘g‘il va qiz farzandlar bo‘lsa, ota-onalar o‘g‘il bolani o‘qitish kerak deb hisoblashadi, «qiz bola baribir turmushga chiqib ketadi», deyishadi.

Ayol kishi ishni ham, oilani ham muvofiqlashtirib olib bora oladi, deb o‘ylayman. Hatto kun bo‘yi ishlasa ham. Albatta, ishlovchi ayollarga qo‘llab-quvvatlash kerak. Tarixdagi buyuk ayollar ham, bugungi kundagi faol, katta-katta kasbiy yutuqlarga erishgan ayollar ham avvalo ona, ular farzand tarbiyalashgan. Hatto farzandlari bilan xorijda ham o‘qib kelishyapti.

Texnologiyalar rivojlanib, ovqat pishirish, kir yuvish kabilar ko‘p vaqt oladigan yumush bo‘lmay qoldi. Hozir har kimga asosiysi muloqot, ko‘ngildan gaplashadigan yaqin odam kerak bo‘lib qoldi. Oilada er uchun shunday odam ayol bo‘lishi kerak. Buning uchun ayol albatta o‘qigan bo‘lishi kerak, albatta fahm-farosatli, ilmli yoki qo‘lida hunari bor bo‘lishi, ya'ni o‘zini mustaqil shaxs sifatida taqdim eta oladigan bo‘lishi kerak.

Ajralishlar soni ortyapti, deymiz. Lekin shunda ham qizlarimizga bilim bermayapmiz, ularga kasb o‘rgatmayapmiz. Ayollarimizni har qanday hayotiy vaziyatlarga tayyorlab borishimiz kerak, chunki aksar hollarda ajralishlarda farzand onasi bilan qoladi. Shunday ekan, ayolning bilimsiz bo‘lishga, hunarsiz bo‘lishga haqqi yo‘q. Bu – sog‘lom, bilimli avlodni tarbiyalash masalasi.

«Ishonchni oqlay olmasam, rahbar ayollar haqida noto‘g‘ri xulosa qilishlari mumkin»

Durdona Rahimova, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari:

Durdona Rahimova

— Bizning oilada qizlarni biror ta'lim muassasasiga kirmasdan turmushga uzatishmagan, bu juda to‘g‘ri an'ana deb o‘ylayman.

Karera qilish istagidagi qizlar turmush qurishidan avval tanlov qarshisida qolishadi. Bir tomondan oila qurish, kelinlik, farzandli bo‘lish orzusi, boshqa tomondan esa jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lish maqsadi turadi.

Oilaning o‘zi bilan bo‘lib, jamiyatdan uzilgan ayol ham, faqat karerada yutuqlarga erishib, oilada o‘zini topa olmagan ayol ham baxsiz bo‘lishi mumkin. Ayolning to‘laqonli baxti deganda men ham jamiyatda, ham oilada munosib o‘rnini topishni tushunaman.

Rahbar ayol sifatida aytishim mumkinki, agar menga yuklangan vazifani to‘laqonli bajara olmasam, bildirilgan ishonchni oqlay olmasam, ishimga mas'uliyatli bo‘lmasam, bu atrofimdagi insonlarda rahbar ayol fenomeniga nisbatan boshqacha tasavvur qoldiradi. Mendan keyin bu o‘ringa ayol kishini tayinlashlari ehtimoli ham kamayishi mumkin. Chunki aytishadi: «Mana, bu lavozim ayol kishiga ishonib topshirilgandi, lekin o‘zini oqlamadi, keyingi safar erkak kishini qo‘yganimiz yaxshiroq», degan fikr bo‘lishidan qo‘rqaman.

Top