07:59 / 11.03.2021
5241

Andijonda fuqarolarga ajratilgan subsidiya mablag‘lari talon-toroj qilingani fosh etildi

Jalaquduq tumanida 50 nafar fuqaroga ajratilgan subsidiya mablag‘lari talon-toroj qilingani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyati Jalaquduq tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida “X.b.” ishlab chiqarish kooperativi rahbari va Jalaquduq tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mas'ul shaxslari oldindan til biriktirib, tumandagi 50 nafar kam ta'minlangan va ishsiz fuqarolar nomiga subsidiya mablag‘lari ajratish orqali “X.b.” kooperativiga 111,5 mln so‘m o‘tkazib, amalda fuqarolarga hech qanday mahsulot yetkazmasdan yoki xizmat ko‘rsatmasdan o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid
Top