16:26 / 11.03.2021
5503
Belarusda bloger Sergey Tixanovskiyga ayblov qo‘yildi. U 15 yilga qamalishi mumkin

Tergov xulosasiga ko‘ra, Tixanovskiy «davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qarshi kuch ishlatishga chaqirish»da ayblanmoqda. Endilikda muxolifatchi bloger siyosiy mahbusga aylandi.

Taniqli belarus blogeri Sergey Tixanovskiyga ayblov e'lon qilindi. Belarus tergov qo‘mitasining 11 mart kuni bergan bayonotiga ko‘ra, Tixanovskiy Jinoyat kodeksining 4 moddasi bo‘yicha ayblanmoqda – ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, milliy nizo qo‘zg‘ash, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga to‘sqinlik qilish va jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish. Unga 15 yillik qamoq jazosi berishlari mumkin.

Tergov qo‘mitasining Tixanovskiy, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan sotsial-demokratik partiya yetakchisi Nikolay Statkevich va unga yaqin shaxslarga qarshi olib borgan ishi o‘z nihoyasiga yetgan. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, ular «uzoq muddat davomida ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish va tashkillashtirish bilan mashg‘ul bo‘lishgan».

Tixanovskiy nimada ayblanmoqda?

Bloger, xususan, go‘yoki «YouTube vaTelegram kanallari orqali davlat xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qarshi kuch ishlatishga ochiqcha da'vat qilgan» va «alomatlariga ko‘ra jamiyatda ijtimoiy nizo va adovat qo‘zg‘agan». Tergov xulosasiga ko‘ra, bu ishlar «jamoat ongini manipulyatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi ekstremistlar» bilan bog‘liq.

Tixanovskiy, shuningdek, 2020 yil may oyida MSK faoliyatiga uning raisi Lidiya Yermoshinaga «tahdid qilish orqali to‘sqinlik qilish»da ham ayblanmoqda. Tergov qo‘mitasi talqiniga ko‘ra, ayblanuvchilar may oyida Grodno shahrida «piket qilish bahonasida qo‘pol ravishda jamoat tartibi buzilishiga sabab bo‘lgan imzo to‘plash bo‘yicha noqonuniy ommaviy tadbir uyushtirishgan». Ayblanuvchilarning mulki va pul mablag‘lariga taqiq qo‘yilgan, ular keltirgan zarar 3,5 million rubldan ortiqroqqa baholanyapti.

Tixanovskiy va Statkevich siyosiy mahbuslar deb tan olindi

Tixanovskiy 2020 yilning 9 avgustida bo‘lib o‘tgan Belarus prezidentligi uchun saylovlarda nomzod sifatida qatnashmoqchi edi. Biroq Markaziy saylov komissiyasi ma'muriy hibsni o‘tagan degan sababni ko‘rsatib, uning nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazmadi. Blogerning o‘rniga tashabbuskorlar guruhi nomidan uning turmush o‘rtog‘i Svetlana Tixanovskayaning nomzodi ro‘yxatga olindi. Sergey Tixanovskiyni 29 may kuni rafiqasining nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun Grodno shahrida uyushtirilgan piket vaqtida qo‘lga olishdi.

Statkevich prezidentlikka 2010 yilda ham da'vogarlik qilgan va 2020 yildagi saylovga «protest nomzod» sifatida bormoqchi edi, biroq MSK uning sudlanganlik muddati hali nihoyasiga yetmagani bois, nomzodini rad etdi.

Belaruslik huquqni himoya qiluvchilar Tixanovskiy, Statkevich va boshqa qo‘lga olingan faollarni siyosiy mahbuslar deb e'lon qilishdi. 2020 yil avgustida Aleksandr Lukashenko navbatdagi saylovlarda ham g‘alaba qozongani e'lon qilingach, mamlakatda norozilik namoyishlari avj oldi va bunday namoyishlar shafqatsizlik bilan bostirildi. Saylovchilar hukumatni saylov natijalarini qalbakilashtirishda ayblab, yangi va halol saylov o‘tkazishni talab qilishmoqda. 

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top