12:48 / 11.03.2021
22045
Bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tmoqda, jabrlanuvchi arizani o‘z ixtiyori bilan berganini bildirdi

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida bloger Otabek Sattoriy ustidan ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. 

Bugun, 11 mart kuni bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida jabrlanuvchilar tinglandi. Sherobod tumanida joylashgan «Chinora Gul baraka» dehqon bozori rahbari Lochin T. sud jarayonida Otabek Sattoriyga qarshi ariza berishga hech kim undamaganni, o‘z ixtiyori bilan shunday yo‘l tutganini bildirdi. 

Jabrlanuvchi tasvirga olishda aynan nimadan qo‘rqqani, tovlamachilik sodir bo‘lishga undovchi aynan qaysi kamchilik yashirilgani bo‘yicha savolga aniq javob bermadi. Shuningdek, Sattoriy aynan nimani tasvirga olganini bilmaganini, lekin shunga qaramay buzilgan telefon o‘rniga yangi telefon olishni talab qilgani qay darajada qonunga mosligini bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lganini va buni tasdiqlovchi dalillarga ega ekanligini bildirdi.

Sud jarayoni davom etmoqda. 

Avvalroq, Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha tergov yakunlangani, bloger Jinoyat kodeksining 3ta moddasi bilan ayblanayotgani xabar qilingandi

Tergov departamentining ma'lum qilishicha, jinoyat ishini tergov qilish jarayonida Otabek Sattoriy sakkiz nafar fuqaroning sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitishda, bu orqali moddiy manfaat ko‘rib kelganlikda, fuqarolarga Telegram, Facebook, YouTube orqali tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan.

Top