18:20 / 11.03.2021
4902

Daniyada ham AstraZeneca vaksinasi bilan emlash vaqtincha to‘xtatildi

Ushbu vaksina bilan emlanganlarda qon quyuqlashishi yuz bergani to‘g‘risidagi xabarlardan so‘ng mazkur qaror qabul qilingan.

Foto: imago

Daniyada AstraZeneca va Oksford universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan vaksina bilan emlash vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Daniya sog‘liqni saqlash va dorilar bo‘yicha boshqarmasi bayonotida ma'lum qilindi.

 Ushbu vaksina bilan emlanganlarda qon quyuqlashishi yuz bergani to‘g‘risidagi xabarlardan so‘ng mazkur qaror qabul qilingan. Ana shunday xabarlardan birida emlangan fuqaro vafot etgani aytilgan.

Hozircha vaksina va qon quyuqlashishi holatlari orasida bog‘liqlik bor-yo‘qligi aniq emas. Emlash 14 kunga to‘xtatilgan bo‘lib, shundan so‘ng vaziyat yana o‘rganiladi.  

Boshqarma bayonotida qon quyuqlashishi bilan bog‘liq holatlar necha marta va qayerda yuz berganligi aytilmagan.

O‘tgan haftada Avstriyada bir kishi vafot etib, ikkinchisi og‘ir ahvolga tushganidan so‘ng AstraZeneca vaksinasi bilan emlash to‘xtatilgandi. Xabar qilinishicha, 49 yoshli ayol vafot etgan, yana bir ayolda o‘pka arteriyasining tromboemboliyasi yuz bergan. Tromboemboliya – o‘pka kasalligi bo‘lib, asosiy arteriyani to‘sib qo‘yuvchi qon quyuqlashishini keltirib chiqaradi, deya aniqlik kiritgan Reuters.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top