14:28 / 11.03.2021
5758
Davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar mahsulotlarini yetkazib berishda oldindan 15 foizlik to‘lov belgilanishi mumkin

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning mahsulotlarini yetkazib berishda oldindan 15 foiz to‘lov belgilanadi. Shuningdek, jismoniy shaxslarga notarial tasdiqlash orqali chet el valutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat beriladi.

«Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda shartnoma instituti rolini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan boshlab davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida oldindan 15 foiz to‘lov belgilanadi.

Bundan tashqari, tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, xizmatlar) uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiq olib tashlanadi.

Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarga majburiy ravishda avans belgilanadi.

Shuningdek, notariuslar tomonidan shartnomalarni tasdiqlashda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikning mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida axborot olish bo‘yicha talab bekor qilinadi.

Jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat beriladi.

Qaror loyihasida kommunal soha, energiya bilan ta'minlash, aloqa xizmati, yo‘lovchi va yuk tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda tabiiy monopoliya sub'yektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi davlat organi bilan kelishilganidan so‘ng tuzilishi nazarda tutilgan.

Loyihada investitsiya shartnomasi loyihasi bo‘yicha Antimonopol qo‘mitasi xulosasi olinishi ko‘zda tutilmoqda. Shartnoma yuzasidan moliyaviy-iqtisodiy baholash, qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari hamda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlarining ijobiy xulosasi qabul qilingach, hukumatga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Top