13:33 / 11.03.2021
7721
Google xorijlik YouTube blogerlardan soliq ushlab qolishni boshlashi mumkin

YouTube egasi bo‘lmish Google AQSh hududida reklamadan daromad qiladigan xorijlik blogerlardan 30 foizgacha soliq undirishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.

Foto: Reuters

Kompaniya 2021 yilning iyun oyidan boshlab boshqa davlatlarda yashaydigan YouTube blogerlardan AQSh foydasiga soliq undirishni boshlashi haqidagi xabar 10 mart kuni Google saytida chiqdi.

Xabarda soliq AQSh hududida tomosha qilingan video ichiga joylangan reklamadan tushgan daromaddan olinishi ko‘rsatilgan. Kompaniya bu qarorni AQSh soliq qonunchiligi o‘zgargani bilan izohladi. Yangi soliqchilikka ko‘ra esa, AQShda tomosha qilingan videolar orqali olingan daromaddan soliq to‘lanishi kerak.

May oxirigacha blogerlar tegishli soliq ma'lumotlarini (shu jumladan, YouTube Premium reklama tomoshasidan, superchat va homiylikdan tushgan daromad haqida) AdSense kompaniyasiga (Google’da reklama sotishga mas'ul) taqdim qilishlari lozim. Soliq stavkasi 0 foizdan 30 foizgacha bo‘lishi mumkin. Agar davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama soliqqa tortishdan voz kechilgan bo‘lsa, unda soliq stavkasi 0 foiz bo‘ladi.

«Bir qator davlatlarning mamlakat hududida internet platformalardan olinayotgan daromadlarga soliq solishi fonida Google’ning yangi siyosati g‘oyatda tabiiydir», deydi Jason & Partners Consulting kompaniyasining TV va kontent direktori Dmitriy Kolesov.

Top