19:43 / 11.03.2021
7691
Shavkat Mirziyoyev: Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi hajmini 2 barobar ko‘paytirish imkoniyati bor

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Muzokaralarda asosiy e'tibor ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.

«Ta'kidlash kerakki, bu boradagi ko‘rsatkichlar ijobiy dinamikaga ega. Xususan, so‘nggi to‘rt yilda o‘zaro savdo besh barobardan ziyodga o‘sgan va 900 million dollardan oshgan.

Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishi ekanini ta'kidladi. Savdo aylanmasini diversifikatsiya qilish va nomenklaturasini kengaytirish orqali kelgusi yillarda uning hajmini ikki barobar ko‘paytirish imkoniyati borligi qayd etildi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Shu maqsadda ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir bo‘lgan, shu jumladan, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib berish, tashqi savdo infratuzilmasi va eksport-import operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi. Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya muhim o‘rin tutayotgani e'tirof etildi. Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida hukumat rahbarlariga komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini tez orada o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Savdo uylari faoliyatini kengaytirish, biznes-forumlar va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish zarurligi ta'kidlandi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bular, xususan, Qirg‘izistonda yengil avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, maishiy texnikalarni yig‘ishni tashkil etish, shuningdek, chegaraoldi hududlarda to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalardir.

E'lon qilingan kapitali 200 million AQSh dollari bo‘lgan O‘zbekiston – Qirg‘iziston investitsiya jamg‘armasi tashkil etilishi belgilandi, ikki mamlakat hukumatlariga uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Transport sohasi va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish - O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorligining muhim yo‘nalishi. Bu boradagi sa'y-harakatlar tashqi bozorlarga yaqin va samarali chiqishni ta'minlaydi. Ayniqsa, «O‘zbekiston –  Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘lining qurilishi strategik ahamiyatga ega.

Prezidentlar mazkur yo‘lning qisqa vaqtda barpo etilishi ikki mamlakat manfaatlariga to‘liq mos kelishi, mintaqamizning tranzit salohiyatini yuzaga chiqarib, jozibadorligini oshirishini alohida ta'kidladilar. Shu bois, ushbu muhim loyiha bo‘yicha ishlarni birgalikda davom ettirishga kelishib olindi.

«Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkishtom-Qoshg‘ar» xalqaro multimodal yo‘nalishi ham savdo hajmi ortishiga xizmat qiladi. Shuningdek, ikki davlat shaharlari o‘rtasida avtobus, temir yo‘l va aviaqatnovlarni qayta tiklash yuk tashish, yo‘lovchi va turistlar oqimining ko‘payishida muhim omil bo‘ladi.

Aloqalarning yana bir katta yo‘nalishi – hududlararo hamkorlik. Bu borada 2017 yil 5 sentyabrda hukumatlar o‘rtasida bitim hamda ikki mamlakat viloyat va shaharlari o‘rtasida kelishuvlar imzolangan. 2018 yilda Hokimlar va chegaradosh viloyatlar ma'muriyatlari rahbarlari kengashi tuzilgan.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni yana faollashtirib, erishilgan kelishuvlar ijrosini ta'minlash, chegaraoldi viloyatlarni kompleks rivojlantirish, davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi ta'kidlandi. Ushbu kelishuvlar tashrif arafasida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda O‘sh, Jalolobod, Botken va Norin viloyatlari tomonidan kelishib olingan «yo‘l xaritalari» doirasida amalga oshiriladi.

Tomonlar Markaziy Osiyodagi suv-energetika resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlikning uzoq muddatli barqaror mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishildi. O‘zbekiston Qirg‘izistonda gidroenergetika loyihalarini amalga oshirishda qatnashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili bo‘lgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Fan, ta'lim, madaniyat, sport va turizm kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi. Davlat rahbarlari madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasida o‘zaro tushunish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidlab, madaniyat kunlari va boshqa gumanitar tadbirlarni qayta tiklashga kelishib oldilar.

Qirg‘iziston prezidenti koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida, jumladan, dori-darmon va tibbiyot vositalari yetkazib berish borasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Top