14:49 / 11.03.2021
4648
Xayriya natijasi: Andijonlik Shuhratbek davolanish uchun Hindistonga jo‘nab ketmoqda

Ikki yildan beri surunkali jigar yetishmovchiligi, jigar sirrozi kasalligi bilan og‘riyotgan andijonlik Shuhratbek Ahmadjonov operatsiyasi uchun saytimiz orqali xayriya aksiyasi tashkil etgan edik.

Bir oy ichida saxovatli insonlar ko‘magida operatsiya uchun yetarli mablag‘ yig‘ildi. Shuhratbek jarrohlik amaliyotini o‘tkazish maqsadida Hindistonga jo‘nab ketish arafasida.

Bemor yaxshilar saxovatidan shodlanib, tahririyatimizga xat yo‘lladi va barchadan minnatdor ekanini aytdi.

«Mana bugun kechasi (11 mart nazarda tutilmoqda – tahr.) Xudo xohlasa Hindistonga uchib ketamiz. Avvalo, bunga sababchi bo‘lgan Kun.uz tahririyatining barcha xodimlariga katta rahmat! Sizlar chiqarib bergan xayriya e'loni orqali men ishlayotgan tashkilotning («Uztelecom» AK) butun respublika bo‘ylab 16 500 nafar xodimi meni qo‘llab-quvvatlashdi. Ilohim, kimki men uchun ehson qilgan bo‘lsa, Alloh ulardan rozi bo‘lsin!

Shaxsan onam ham o‘z minnatdorchiligini yetkazishimni aytdilar. Men o‘zbek bo‘lib, O‘zbekistonda tug‘ilganimdan faxrlanaman. Chunki xalqimiz saxovatpesha», – deb yozgan Shuhratbek Ahmadjonov.

Biz Shuhratbekka jarrohlik amaliyoti yaxshi o‘tishi va sog‘-omon oilasi bag‘riga qaytishini tilab qolamiz.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top