14:36 / 12.03.2021
19424

IIV 48,5 mlrd so‘mga 50ta avtozak va boshqa maxsus transportlarni sotib olmoqda

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 2021 yil boshidan buyon 50ta avtozak, 16ta bortli avtofurgon, 30ta avtobus va 51ta Damas-2 avtomobilini sotib olishga ulgurdi. Bu mashinalar 48,5 mlrd so‘mga tushdi.

Jumladan, 2021 yil 5 mart kuni IIV va «Kran va Maxsus Texnikalar» MChJ o‘rtasida imzolangan shartnomada 2021 yil IIV tomonidan maxsus kontingent (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, mahkum)larni tashishga mo‘ljallangan 50ta avtozak xaridi salkam 24 mlrd so‘mga baholangan. Bunda har bir avtozak o‘rtacha 479 mln so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda. Shartnomada avtozaklarni 2021 yil 1 avgustigacha yetkazib berish belgilangan.

Shuningdek, 2021 yil 15 fevral kungi shartnoma «UzAuto Trailer» bilan imzolangan bo‘lib, unda «KAMAZ 4326−1053−15» rusumli bortli avtofurgon yetkazib berish nazarda tutilgan. 16ta avtofurgon har biri 610 mln so‘mdan jami 9,7 mlrd so‘mga baholanmoqda. Ushbu shartnomada ham transport vositalarini 1 avgustgacha yetkazib berish belgilangan.

Navbatdagi shartnoma 2021 yil 25 fevral kuni «Grand Motors» MChJ bilan imzolangan bo‘lib, shartnomada 30ta «SAZ NP 26» rusumidagi oq rangli avtobusning har birini 368 mln so‘mdan jami 11 mlrd so‘mga 180 kalendar kuni (6 oy) ichida yetkazib berish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2021 yil 26 fevral kuni tuzilgan shartnomaga binoan kinologiya uchun mo‘ljallangan 51ta «Damas-2 D84» rusumli avtomobilning har birini 73,5 mln so‘mdan jami 3,7 mlrd so‘mga yetkazib berish nazarda tutilgan. Shartnomada «Avtotexxizmat» MChJ diler sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, u «Damas»larni 2021 yil 30 aprelgacha muddatda yetkazib berish majburiyatini olgan.

Kun.uz muxbiri ushbu masala yuzasidan IIV Axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovdan izoh so‘radi.

G‘iyosov ushbu xaridlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tasdiqladi va shartnomalar ichki ishlar organlarining moddiy-texnik ta'minotini takomillashtirish maqsadida xukumat tomonidan ishlab chiqilgan reja-topshiriqlar asosida tuzilganini aytdi.

«Barcha xarajatlar qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan vazifalarini bajarishga qaratilgan. Xaridlar hajmi pandemiya tufayli kechikkan xaridlarni ham amalga oshirish zaruriyati sababli ko‘payib ketgan. Bu xaridlarni biror-bir siyosiy jarayon bilan bog‘lash noo‘rin», deydi IIV Axborot xizmati rahbari.

Top