15:36 / 12.03.2021
14681
Mirishkor hokimligida Milliy gvardiya jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qildi. Kameralar yoqilgach, to‘siq olindi

Aholidan tushgan murojaatni o‘rganib, holat yuzasidan izoh olish maqsadida Mirishkor tumani hokimligiga borgan Kun.uz muxbiri hokimlik binosiga kiritilmadi. Bu hokimlik rahbariyatining tashabbusimi yoki Milliy gvardiya xodimlarining?

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Jyeynov shaharchasida joylashgan shifoxona xodimlari Kun.uz'ga murojaat qilib, muassasa hududi qoidalarga zid tarzda auksionga qo‘yilib, sotib yuborilayotganidan arz qildi.

Biz Jyeynov shifoxonasida ishchi-xodimlarning muddaolarini eshitgach, Mirishkor tumani mutasaddilarining ham munosabatini olish maqsadida hokimlikda bo‘ldik. Ayni vaqtda tuman hokimligi binosiga fuqarolarning kirib-chiqishi yuzasidan yangicha tartib o‘rnatilibdi.

Hokimlik binosiga kirishda uch nafar Milliy gvardiya xodimi turibdi.

Odatda hukumat darajasidagi yig‘ilishlarda telefon va umuman yozish mumkin bo‘lgan birorta apparatlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Milliy gvardiya xodimlari odatda mana shunday yig‘inlar o‘tkazilayotgan kunlari zalga telefon bilan kirishingizga (o‘shanda ham hokimlik binosiga emas) monelik qilishadi.

Hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini so‘ratdik. Tashqarida 10-15 daqiqa kutdik, hokim o‘rinbasari Bekzod Arziyev chiqdi. O‘zining yangi ekanini aytib, masala yuzasidan savollarimizga tegishli mutaxassis javob berishi mumkinligini bildirdi. U aytgan xodim esa qo‘limizdagi fotoapparat va mikrofonni ko‘rib, Kun.uz'ga intervyu bermasligini aytdi.

Biz mutaxassisga o‘z rahbari bizga u izoh berishini aytganini tushuntirishga urindik. Foydasi bo‘lmagach, yana Arziyev yoki savollarimizga javob berishdan qochmaydigan boshqa xodim bilan uchrashishga harakat qildik.

«Hokimiyat huquqshunosi sizlarni xonasida qabul qiladi», deyishdi.

Milliy gvardiya xodimlari esa bizdan telefonlarni tashqarida qoldirib kirishimizni talab qila boshladi. Telefon, fotoapparat bizning ish qurolimiz ekanini tushuntirsak-da, ular topshiriq shunday bo‘lgan, deb turib olishdi.

Biz ichkariga telefon bilan kira olmas ekanmiz, unda huquqshunosning o‘zi pastga tushsin, tashqarida bo‘lsa ham munosabatini yozib olaveramiz, dedik. Yuristning keksa odamligi, pastga tushishni talab qilish nodurust ekanini aytishdi.

Tan olish kerak, biror bir hokimiyat binosiga kirishda bunday munosabatni ko‘rmaganimiz sababli, holatni tasvirga ola boshladik. Mirishkor tumani hokimligi binosiga kirishda joriy qilingan qoidalarning nechog‘lik mantiqsiz ekani haqidagi munosabatimizni reportaj tarzda yoritmoqchi bo‘ldik.

Ochig‘i, bizning xatti-harakatimizdan keyingi vaziyat kulguli tus oldi. Bir muddat oldin tartib-qoida, xizmatchilikni pesh qilib turgan Milliy gvardiya xodimlari binoga kirish to‘siqlarini olib tashladi. Ramziy ma'noda jurnalist uchun hokimiyatga kirish eshiklari ochildi.

Tabiiy savol. Milliy gvardiya nega dastlab telefon bilan kirishga monelik qildi-yu, kameralar tasvirga ola boshlagach, prinsipidan qaytdi? Ularning birinchi harakati qonunga zidmidi yoki ikkinchisi?

Darvoqe, Kun.uz holatni tasvirga ola boshlagach, hokimiyat yuristi ham tushib keldi. Biz Jyeynovdagi shifoxonaga doir savollarimizni berdik va ayni vaqtda u bilan bog‘liq surishtiruvimiz davom etmoqda.

Mirishkor tumani hokimligi binosiga kirishda o‘rnatilgan tartib-qoidalar va Milliy gvardiya xodimlarining xatti-harakatlari yuqori tashkilotlar tomonidan o‘rganib ko‘rilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri

Top