09:56 / 12.03.2021
3619
Prezident mehnat huquqlarini himoya qilish tizimi bo‘yicha yangi qaror imzolaydi

Prezidentning “Xalqaro tajriba va standartlar asosida fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Sanoat va savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda boshqa barcha iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda mehnat va mehnatni muhofaza qilish, mehnat gigiyenasi tartib-taomillariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash maqsadida, fuqarolar mehnat huquqlarini ta'minlash tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari deb quyidagilar belgilanadi:

a) an'anaviy usullar bilan bir qatorda mehnat qonunchiligi buzilishiga olib keluvchi omillarni aniqlash, tahlil qilish va oldini olishga qaratilgan ogohlantiruvchi, manzilli hamda nostandart yondashuvga asoslangan ish beruvchilarga konsultativ va metodologik ko‘maklashishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etish. Bunda:

fuqarolar, ish beruvchilar va jamoatchilik bilan ochiq muloqot hamda o‘zaro hamkorlikni tartibga solish vositalarini takomillashtirish;

xavfni tahlil etish tizimi orqali aniqlangan xavfi yuqori bo‘lgan korxonalarda manzilli dastur asosida, boshqa korxonalarda esa ish beruvchilar tashabbusi bilan ularga mehnat, mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigiyenasi masalalari bo‘yicha talablarni bajarishga ko‘maklashish;

ortiqcha ma'muriy tartibga solishni kamaytirish orqali qonunbuzilishlar aniqlanganda, bunga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan yangicha uslublar joriy etish;

ish beruvchilarga o‘zlari mehnat, mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida faoliyat olib borayotganini, fuqarolarga uning mehnat huquqlari buzilganini mustaqil aniqlash imkonini beruvchi, “xavfni tahlil etish” tizimini aniqlashda ijobiy ta'sir etuvchi va tekshirishlar o‘tkazmaslik uchun asos hisoblanuvchi, qonunbuzilishlarni bartaraf etishda ko‘maklashuvchi “Mustaqil onlayn tekshirish” portalini yaratish;

b) mehnat, mehnatni muhofaza qilish va mehnat gigiyenasi sohasidagi qonun talablari buzilishiga olib keluvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi bilan hamkorlik qiluvchi va jamoatchilik asosida ko‘maklashuvchi “Mehnat agentlari” institutini joriy etish hamda ularning huquq va majburiyatlarini belgilab berish;

v) Xalqaro ijtimoiy ta'minot assotsiatsiyasining (ISSA) “Nol jarohatlanish” (Vision zero) Konsepsiyasi dasturini ishlab chiqarish bilan bog‘liq har qanday jarohatlanish va kasb kasalliklari oldini olish borasida profilaktika madaniyatini shakllantirishda yangicha yondashuvini keng targ‘ib qilish;

g) Xalqaro mehnat tashkiloti bilan konstruktiv va o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mehnat munosabatlari sohasidagi milliy dasturlarni samarali targ‘ib qilish borasida ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida muvozanatlashgan mehnat munosabatlari o‘rnatish, norasmiy bandlikni legallashtirish tizimini takomillashtirish.

Quyidagi muhim vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilayotgan Fuqarolar munosib mehnatini ta'minlashda xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi:

  • xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
  • mehnat xavfsizligi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasida Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash;
  • ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalar va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishlari oldini olish tizimi samaradorligini oshirish;
  • xodimlar mehnat huquqlarini ta'minlashda xalqaro standartlardan foydalanish va fuqarolik jamiyatlari institutlari hamda nodavlat sektor boshqa vakillarini jalb etish.

Belgilanishicha:

  • Davlat mehnat inspeksiya tomonidan mehnat, aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilishga oid tekshirishlar qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi;
  • ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalar sabablarini tahlil qilish va ular oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash hamda jabrlanganlarning moddiy va ijtimoiy himoyalanishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqarishdagi barcha baxsiz hodisalar va xodimlar sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishini maxsus tekshirishlar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
  • xodimlarni kasb kasalliklariga chalinishi oldini olish maqsadida mehnat gigiyenasi sohasidagi nazorat Davlat mehnat inspeksiyasi vazifasi etib belgilanadi;
  • Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birga yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasida fuqarolar mehnatidan norasmiy ravishda foydalanish holatlarini xatlovdan o‘tkazadi.

Xatlov jarayonida norasmiy mehnat aniqlanganda fuqarolar va tadbirkorlarga ishga qabul qilishni rasmiylashtirish va ish beruvchilar tomonidan mehnat shartnomalarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida elektron ro‘yxatdan o‘tkazilishi ta'minlanadi.

Xatlov natijalari yakuni bilan norasmiy mehnat oldini olish va qisqartirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.

Top